Xitoy temiryo‘l qurilish korporatsiyasining birinchi loyiha-tadqiqot instituti O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temiryo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunladi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

454 kilometr uzunlikdagi O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temiryo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslari 1-iyunga qadar (bundan oldin —1-iyul) ishlab chiqilishi rejalashtirilgandi, biroq bu ish muddatidan oldin yakunlandi.

Transport vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “Xitoy-Markaziy Osiyo” birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha Qirg‘iziston va Xitoy bilan loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy xalq respublikasi raisi Si Szinpin uchrashuvi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoyning qo‘shma bayonotida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘li loyihasi ikki davlat va mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlangandi. Tomonlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish tugallanganidan mamnun va temiryo‘l qurilishini yakunlash va tayyorlashga birgalikda hissa qo‘shishga tayyor.

Bundan tashqari, har ikki tomon Xitoy-Markaziy Osiyo transport yo‘lagi qurilishini jadallashtirish, bu yo‘nalishda temir yo‘lkonteyner tashuvlarini rivojlantirish, Xitoy-Tojikiston-O‘zbekiston avtomobil yo‘lining uzluksiz ishlashini ta’minlash va yuk tashish hajmini oshirishga tayyor.

Loyiha doirasida Jalolobod — Makmal — Arpa — Torugart — Qashg‘ar qo‘shma yo‘nalishi bo‘ylab avtomobil yo‘li qurish rejalashtirilgan. Qirg‘iziston orqali o‘tadigan tranzit yo‘li O‘zbekistonga qo‘shimcha 5 mln tonna tranzit yuk tashish imkonini berishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Transport vazirligi avvalroq mazkur loyihaning amalga oshirilishi Xitoydan O‘zbekiston orqali Turkiyaga va undan keyin Yevropaga, shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlarigacha bo‘lgan savdo va transport geografiyasini kengaytirishini ma’lum qilgandi.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi, Prezident administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov dekabr oyi boshida loyiha qiymati 6 mlrd dollarga baholanganini ta’kidlagandi. Undan 10 kun avval esa taxminiy qiymat 3−5 mlrd dollar bo‘lgani aytilgan.