21-may, yakshanba kuni soat taxminan 16:40 da Toshkentning Maxtumquli ko‘chasida joylashgan Ashxobod bog‘i oldidagi bekatda 96-yo‘nalishda harakatlangan Mercedes-Benz avtobusida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Voqea joyiga 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 16:45 da yetib borgan va yong‘in soat 16:50 da o‘chirilgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Internetda tarqalgan foto-videolarda avtobusning butunlay yonib ketganini ko‘rish mumkin. “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi avtobus 2012-yilda ishlab chiqarilgani va u 882,6 ming km yo‘l bosib o‘tganini ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgan, elektr simlari yonib ketgan. Haydovchi avtomashinadagi o‘t o‘chirgich yordamida yong‘inni o‘chirishga uringan, biroq alanga kuchliligi tufayli buning imkon bo‘lmagan.

Poytaxtda avtobus yong‘inlari asosan Mercedes-Benz rusumli transport vositalarida sodir bo‘ladi. 2014-yilda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi yong‘inlarning kelib chiqish sabablarini tushuntirib, ular orasida konstruktiv nuqsonlar mavjudligini ham qayd etgandi.

2018-yilda shaharda sodir bo‘lgan navbatdagi yong‘indan keyin 2008−2009-yillarda ishlab chiqarilgan ushbu rusumdagi avtomobillarning faoliyati to‘xtatilgandi. Biroq tekshiruvlardan so‘ng avtobuslar yana yo‘nalishlarga qaytarilgan.