O‘zbekiston Din ishlar bo‘yicha qo‘mitasi ️Oliy sud tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan mamlakatga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxatini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, so‘ngi vaqtlarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlarning mediamarkazlari tomonidan tayyorlangan targ‘ibot materiallari internet tarmoqlarida keng tarqatilmoqda.

“Bu esa, o‘z navbatida, nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi ma’lumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

O‘tgan davrlar mobaynida AQShda 68 ta, Rossiyada 47 ta, Buyuk Britaniya 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan. Shuningdek, Rossiyada 5342 ta, Qozog‘istonda 1133 ta, Qirg‘izistonda 167 ta va Tojikistonda 2417 ta radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.

Qo‘mita O‘zbekistonda ham ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet saytlari, kanallar, profillarni aniqlash va ularni faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmog‘idagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanganini qayd etdi. Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topildi.

2023-yil 17-may holatiga ko‘ra

Shu bilan birga, diniy mazmundagi quyidagi g‘oyalar aks etgan materiallar tegishli qonun hujjatlariga ko‘ra O‘zbekiston hududida tayyorlash va tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeiga qarab yoki boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoxud o‘zga shaxslar mahsulotlarini obro‘sizlantirish;
  • O‘zbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;
  • urush, zo‘ravonlik, terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm va separatizm g‘oyalarini targ‘ib etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborotni tarqatish;
  • diniy e’tiqodni o‘zgartirishga da’vat qilish;
  • dindorlarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish yoki kamsitish;
  • fuqarolarni o‘z konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarmaslikka chaqirish;
  • davlat, jamoat yoki diniy tashkilotlarning huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilishga undash.

дин ishlari bo‘yicha qo‘mita

“Kezi kelganda, sizlardan, shubhali diniy mazmundagi audio, video va boshqa turdagi media mahsulotlarni internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalaridan yuklab olmaslik va tarqatmaslikni so‘rab qolamiz”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvar oyida Texnika universiteti 4-kurs talabasi Sardor Rahmonqulov diniy qo‘shiqlarni tanishlari orasida tarqatgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Diniy qo‘mita xulosasiga ko‘ra, aqidaparastlik g‘oyasiga asoslangan ushbu nashidani O‘zbekiston hududiga olib kirish va tarqatish taqiqlanadi.

Mart oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 22 yoshli talaba Sardor Rahmonqulovga nisbatan jazoni shartli jazo bilan almashtirib, uni sinov muddati bilan ozod qilgan.

Shuningdek, mayda YouTube`dagi nashidani Telegram-guruhga yuborgan 21 yoshli yigit 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita nashidada aqidaparastlik g‘oyalari borligini ma’lum qilgan.

Biroq voqea ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Aksariyat fuqarolar unga nisbatan tayinlangan jazoni o‘ta og‘ir va adolatsiz deb hisobladi.

Oradan vaqt o‘tib, Toshkent viloyati IIBB 21 yoshli yigit nashida uchun 3 yilga qamalgani bo‘yicha aytilayotgan ayrim fikrlar noxolisligi, tergov idoralari ishni to‘g‘ri malakalaganini bildirdi. U Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terror tashkiloti ma’ruzalarini tinglab, ularning g‘oyaviy ta’siriga tushgan, deyilgandi xabarda.