UzAuto Motors kompaniyasi 1-iyundan Damas, Labo, Cobalt va Lacetti avtomobillarining yangilangan versiyalari taqdim etilishi, Cobalt va Lacetti narxi 20−23 ming dollargacha ko‘tarilishi haqidagi xabarlarning yolg‘on ekanini bildirdi.

“UzAuto Motors bu bo‘yicha hech qanday ma’lumot taqdim qilmagan. Ushbu ma’lumotlar hech qanday asosga ega emas va yolg‘onligini ta’kidlab o‘tish kerak. Turli sahifa egalaridan odamlar e’tiborini tortish uchun ular qiziqqan yo‘nalishda biror-bir faktga asoslanmagan axborotni tarqatmaslikni so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.

May oyi boshida kompaniya Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari uchun shartnomalar berishni ushbu modellarning konfiguratsiyasi yangilanishi munosabati bilan vaqtincha to‘xtatgandi. Kompaniyaning bildirishicha, avtomobillar uchun “issiq” variantlar kutilmoqda.

Ishlab chiqaruvchi avvalroq shartnoma tuzish va avtomobillar topshirishni ham to‘xtatgan. Bunga sabab sifatida hisob dasturiy ta’minoti amalga oshirilishi ko‘rsatilgandi. Bungacha Cobalt, Lacetti, Damas, Labo kabi budjet modellarining sotuvi dekabr oyida to‘xtatilgan va hali tiklanmagan.