Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2023-yilda o‘rtacha 5,2 foizga o‘sadi va Rossiyadan korxonalar hamda jismoniy shaxslarning ko‘chirilishi, boshqaruvning yaxshilanishi, eksport hajmining oshishi va pandemiyadan so‘ng Xitoyning “ochilishi” tufayli kelgusi yilda ham o‘sishda davom etadi. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) yangilangan mintaqaviy sharhida so‘z borgan.

Hisobotda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari “Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq geosiyosiy jihatdan noqulay o‘zgarishlarga bardosh bera olgan”. Mintaqa iqtisodiyotlarining aksariyati xalqaro firmalarning Rossiya bozoridan chiqib ketishi sababli paydo bo‘lgan bo‘shliqni o‘z mahsulotlarini yetkazib berish orqali to‘ldirib, Rossiya bilan savdoni mustahkamlagan.

Markaziy Osiyoga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi ham sezilarli darajada oshdi, bu esa banklar foydasining ko‘payishiga olib keldi. Pul o‘tkazmalarining o‘sishi, YeTTB ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada ishchi kuchiga bo‘lgan talab va rublning mustahkamlanishi bilan bog‘liq.

Rossiya firmalari va jismoniy shaxslarining ko‘chishi chakana savdo, ko‘chmas mulk va mehmonxona sohalarida ham talabni oshirdi.

2022-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida, YeTTB ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy o‘sish 5,7 foizni tashkil etdi, bu tashqi va ichki talab sharoitlarining yaxshilanganidan dalolat beradi. Mamlakatda tovar va xizmatlar eksporti 15,9 foizga oshdi. Ayniqsa, to‘qimachilik, mevalar, mis quvurlar va elektr jihozlarini yetkazib berish (asosan Rossiyaga) o‘sdi. Pul o‘tkazmalarining o‘sishi ichki talabni rag‘batlantirdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord darajada — 16,9 milliard dollarlik o‘tkazmalar kelib tushgani, uning 85 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelgani haqida yozgan edi.

YeTTB mamlakat iqtisodiyoti 2023 va 2024-yillarda xorijiy investitsiyalar, kompaniyalar va jismoniy shaxslar oqimi, shuningdek, yaxshi boshqariladigan xususiylashtirish va ishbilarmonlik muhiti islohotlari hisobiga 6,5 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.

Biroq ekspertlar Rossiyaning Ukraina bilan urushining yanada avj olishi va pul jo‘natmalarining qisqarishi iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha prognozni e’lon qilgan edi. YeTTBdan farqli o‘laroq, XVJ joriy yilda mintaqa mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 4,2 foizgacha pasayishini bashorat qilmoqda. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa istiqbollari tashqi omillarga mustahkam bog‘langan.