12-may kuni Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Marosimda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, transport vaziri Ilhom Maxkamov, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi vakillari, Pokiston va Afg‘oniston elchilari hamda Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi raisi ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, loyiha ofisining tashkil etilishidan maqsad uning texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish va loyihaning amaliy bajarilishini tezlashtirishdan iborat. Ismatulla Irgashevning so‘zlariga ko‘ra, bu borada 2018-yildan buyon ishlar olib borilmoqda.

“Ofisning o‘z vaqtida ochilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarni Pokistonning 230 millionli aholisi bilan bog‘laydi, shuningdek, muqobil raqobatbardosh yo‘nalishlarda Arab dengizi havzasi davlatlari bilan o‘zaro savdo qilish imkoniyatlarini ochadi”, — dedi Pokiston elchisi Ahmad Faruq.

Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi raisi Baxturrahmon Sharafatning aytishicha, ofis ochilishi loyihani amalga oshirishda Rossiya va Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo mamlakatlariga millionlab tonna tabiiy resurslar va boshqa tovarlarni tashish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, vazirlik xabariga ko‘ra, 11−12-may sanalarida O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil fevral oyi boshida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston ushbu temir yo‘l qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagandi. Loyiha ishtirokchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, uning dastlabki qiymati taxminan 5 mlrd dollarni tashkil etgan.

20 mln tonnagacha yuk tashish salohiyatiga ega yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyingi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.

Loyihani may oyida tayyorlash, yo‘l qurilishi esa 2021-yil sentabrida boshlanishi rejalashtirilgan edi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyat almashishi loyihani sekinlashtirdi. Biroq dekabr oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumati loyihaga qo‘shildi. Iyul oyida Afg‘oniston hududida yo‘nalish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash uchun ekspeditsiya ishlari boshlandi.

Iyul oyida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjumanda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi bo‘lajak magistral loyihasining tafsilotlarini taqdim etdi. Spot nashrining xabar berishicha, loyiha 2027-yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Boshtransloyiha” instituti yo‘l qurilishi qiymatini 4,6 mlrd dollarga baholagan. Uning ishga tushirilishi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yuklarni yetkazib berishni 3−5 kungacha tezlashtirishi, shuningdek, uni uch barobar arzonlashtirishi kutilmoqda. Biroq Pokiston “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini 8,2 mlrd dollarga baholagandi.