Bosh prokuratura va Madaniy meros agentligi Toshkent viloyatida tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari o‘tkazdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Xususan, Oqqo‘rg‘on tumani “Hosildor” mahallasida joylashgan “Shoxruxiya shaxristoni” arxeologiya yodgorligining 16 gektar yer maydoni qonunchilik talablariga zid ravishda xususiy korxonaga uzoq muddatga ijaraga berib yuborilgani aniqlandi.

Oqibatda ushbu yodgorlik hududida o‘zboshimchalik bilan qazilma ishlari olib borilib, tarixiy obyektga juda ko‘p miqdorda — 315 million so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, tumandagi qurilish hamda kadastr bo‘limi mansabdor shaxslari “H.Olimjon” mahallasida joylashgan “Qiyritepa” arxeologiya yodgorligining 0,4 gektar yer maydonida noqonuniy ravishda suv inshootining qurilishiga yo‘l qo‘yib bergani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda tarixiy obyektga 180 million so‘m zarar yetkazilgan.

“Tekshirish natijasiga ko‘ra, tegishli mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.