Tarkibida karmin moddasi mavjudligi sababli ayrim yogurtlar harom ekanini aytib chiqqan Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalgan edi.

Uning qamalgani ijtimoiy tarmoqlarda keskin noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Oradan bir oy o‘tib Hojiakbar Nosirov o‘zining Instagram sahifasida jamoatchilikka va uni qo‘llab-quvvatlaganlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

“Menda hammasi yaxshi, ozodlikdaman. Ko‘p telegram kanallarda yozishayotganidek, o‘lib ketganim yo‘q yoki firibgarlik, tovlamachilik bilan ham ustimdan jinoiy ishlar ochilgani yo‘q. [Qamoqdan] chiqqanim haqida gapirmay turganimni sababi bor, albatta, uzrli sabab. Shuning uchun to‘g‘ri tushunasizlar degan umiddaman. Qo‘llab-quvvatlab video olganlarni, izohlar yozganlarni, umuman, moddiy-ma’naviy qo‘llab quvvatlashga harakat qilganlarni ko‘rdim, hammaga rahmat. To‘g‘risi judayam xursand bo‘ldim”, — deydi bloger.

U kelgusi faoliyati haqida ham gapirarkan, “Yig‘ishtirib tashlash niyat yo‘q, xavotirga o‘rin yo‘q. Shunchaki, ozgina tanaffus olmoqchiman. Fikrlarimni tartibga sovolib, maqsadlarni bir ko‘rib chiqib, yanada kuchli bo‘lib qaytish uchun Xudo xohlasa. Tanaffus payti albatta, yo‘q bo‘lib qolmayman: storis va postlarda sizlar bilan birga bo‘lib turamiz va protsestni o‘zlaringiz ko‘rasizlar”, — dedi.

Hojiakbar Nosirov o‘zi bilan bog‘liq holat haqida ham fikrlarini bildirgan. “Bo‘lgan voqea bo‘yicha fikrimga keladigan bo‘lsak, bilasizlar men nima bo‘lsa ham yaxshilikka deyman. Bunda ham bir hikmat bordir”, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023-yil 8-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida bloger Hojiakbar Nosirov (1997-yilda Toshkentda tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan)ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Shayxontohur tumani IIO xodimlari tomonidan Toshkentda “diniy muhitni sog‘lomlashtirish borasida” olib borilayotgan ijtimoiy tarmoqlarda monitoring tadbirlari davomida Hojiakbar Nosirov Telyegram`dagi kanalida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023-yil 7-apreldagi 18−660-sonli xulosasiga asosan aholi orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni tarqatgani aniqlangan.

Sud xabariga ko‘ra, bloger IIO xodimlarining hujjatlarini tekshirish uchun taqdim etish, tushuntirish berish va ish hujjatlari bilan tanishib chiqish kabi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

“Sud majlisida bloger tariqasida so‘roq qilish uchun H.N. ga so‘z berilganida, huquqbuzar va uning himoyachisi holat yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortdi”, — deyiladi xabarda.

“Hojiakbar Nosirov ko‘rsatma berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, uning yuqoridagi huquqbuzarliklarni sodir etgan ish hujjatlaridagi IIO FMB xodimining bildirgisi, dalolatnoma, ko‘zdan kechirish va elektron materiallarni olish bayonnomasi, Telyegram messenjeridagi Activist kanalidan olingan fotolavhalar, DVD-R diskidagi videolavhalar, ashyoviy dalillarni olish bayonnomasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topdi”, — deyiladi Toshkent shahar sudlari xabarida.

Sud qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−3-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga shu kodeksning 34-moddasi tartibida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mazkur ish bo‘yicha 2023-yil 14-aprel kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga Hojiakbar Nosirovning advokat Sirojiddin Ishpulatov tomonidan apellyatsiya shikoyati kelib tushgan. Sud majlisi 2023-yil 14-aprel soat 15:00 ga tayinlangandi.

Lekin, Hojiakbar Nosirov tomonidan advokatning shikoyatini ko‘rmasdan qoldirish haqidagi ariza keltirilgan. Shu sabab sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 324−4 (Apellyatsiya shikoyatini qaytarib olish) va 324−8-moddalariga (Apellyatsiya instansiyasi sudining vakolatlari) asosan, apellyatsiya shikoyatini ko‘rmasdan qoldirib, apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqarilgan.