Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu to‘g‘risidagi farmonni davlat rahbari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib imzolagan, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Bunday qarorga kelish uchun qanday obyektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechyapman? Chunki o‘zingiz ko‘rib turibsiz, asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda”, — dedi davlat rahbari.

U yangilangan Konstitutsiya prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘yganini ta’kidladi.

“Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda. To‘rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 6-may kuni Saylov kodeksiga prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari saylovlarini muddatidan ilgari o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimchalar kiritildi.

Prezident muddatidan ilgari O‘zbekiston prezident saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu kodeksga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, saylov uch oy ichida o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasi o‘zini o‘zi tarqatib yuborganda esa, saylov ikki oy ichida o‘tkaziladi. Senat prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat a’zolarining saylovi uch oy ichida, Senatning o‘zi tomonidan tarqatilsa, bir oy ichida o‘tkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev “bundan buyon ham davlat va jamiyat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala bo‘yicha faqat va faqat donishmand, bag‘rikeng xalq bilan bamaslahat ish olib borilishini” qayd etdi.

“Asosiy qonunimizda xalq — davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan. Shu nuqtai nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq. O‘ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘ladi”, — dedi prezident.

“Saylovlar qonunga to‘la muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda o‘tkazilishi qayd etildi. Bunda siyosiy partiyalar, prezidentlikka nomzodlar yurtimiz tinchligi va uning ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishiga ishonch bildirildi”, — deya tadbirdan xabar berdi prezident matbuot kotibi.