“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi avgustga qadar Toshkentdagi barcha avtobus yo‘nalishlarida naqd pul tushumlari bo‘yicha kunlik rejani bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya va poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Avvalroq boshqarma matbuot xizmati 5-maydan boshlab 14 ta yo‘nalish bo‘yicha reja bekor qilingani haqida xabar bergandi.

Reja bekor qilingach, yo‘lovchi tashish brutto-shartnomalar asosida moliyalashtiriladi. Bu shuni anglatadiki, yo‘lovchi tashuvchi sifat ko‘rsatkichi — harakat jadvali va intervallariga rioya qilishi (avtobus yo‘lga qaysi vaqtda chiqishi, qachon ma’lum bir bekatga kelishi), shuningdek, sanitariya sharoitlari (salon va avtobusning tozaligi, haydovchilarning tashqi ko‘rinishi)ga qarab foyda oladi. Avvalroq brutto-shartnomalar qanday bo‘lishi haqida batafsil yozgan edik.

Anvar Jo‘rayevning aytishicha, may oyi oxirigacha Transport boshqarmasi barcha avtobus yo‘nalishlari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiradi (hozir ular 160 dan ortiq). Iyun oyida tenderlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Anvar Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, “Toshshahartransxizmat” ham tenderda ishtirok etishni rejalashtirgan. Brutto-shartnomalar potensial tashuvchilar uchun tashishni tashkil etishning yangi modeli bo‘lgani sababli tadbirkorlar shartnoma shartlarining bajarilishiga shubha bilan qarashlari mumkin.

Rejalashtirilgan tizim bo‘yicha xususiy tashuvchilarga katta sig‘imli avtobuslarni sotib olishlari foydasiz, deya ta’kidlaydi Anvar Jo‘rayev.

“Iyun oyida 14 ta yo‘nalish brutto-shartnomalar bo‘yicha to‘lov qabul qiladi. Bu ma’lumotlar og‘zaki ravishda boshqa tashuvchilar orasida tarqaladi va ular shahar yo‘lovchi tashishdagi ishtirokini ko‘rib chiqishni boshlaydi”, — dedi Anvar Jo‘rayev.

Shunday qilib, “Toshshahartransxizmat” shahar transportidagi ulushini kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Brutto-shartnomalarga o‘tish prezidentning fevraldagi jamoat transporti tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq joriy etilgan. Xuddi shu qarorda Toshkent shahrida jamoat transportida harakatlanish uchun moslashuvchan tariflarni joriy etish nazarda tutilgandi.