O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 26-apreldagi farmoni bilan Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasiga yangi vakolatlar berdi.

Endi komissiya yirik savdo-ko‘ngilochar markazini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari doirasida tijorat binolarini ijaraga berish shartnomalarida ijara to‘lovlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga ruxsat etish vakolatini berish huquqiga ega. Investitsiya miqdori 200 million dollardan hamda ijaraga beriladigan maydoni 70 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan yirik savdo-ko‘ngilochar markazini qurish bo‘yicha majburiyatlarni bajarishi mumkin.

Bunda ijara to‘lovlari Markaziy bank tomonidan belgilangan valyuta kursi bo‘yicha milliy valyutada amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda qurilishi davom etayotgan to‘rt qavatli Tashkent City Mall (Tashkent City`dagi №3-lot)gina bunday talablarga mos keladi, ijara maydoni 100 ming kvadrat metr (umumiy maydoni — 245 ming kv.m). 2023-yil avgust oyida ochilishi rejalashtirilgan obyekt Hyper Partners`ning 400 million dollarlik majmuasi tarkibiga kiradi, u 29 qavatli mehmonxona va 30 qavatli biznes markazini o‘z ichiga oladi.

Taqqoslash uchun: poytaxtdagi Riviera Mall maydoni 40,4 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Compass — 40 ming kvadrat metr, Samarqand Darvoza — 41,1 ming (ijaraga olinadigan maydoni — 30 ming kv.m.), Next — 25 ming kv.m (18 ming), Samarqand shahridagi Family Park savdo markazi — 43 ming kvadrat metr.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili prezident farmoni bilan Samarqand aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasiga ish va xizmatlar narxlari chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berilgandi.

2021-yil yanvar oyida valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunga ayrim tovarlar narxlarini xorijiy valyuta va shartli birliklarga bog‘lash imkonini beruvchi o‘zgartirish kiritilgan.