Daraxtlarni raqamlashtirish loyihasi O‘zbekistonda 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda 3-may kuni Senat yalpi majlisida tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ma’lum qildi.

Senator Manzura Salimovaning daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish va raqamlashtirish borasidagi savoliga javoban bu bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangani va 3 bosqichda amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

“Prezident tomonidan respublikada yashillik darajasini 8 foizdan 30 foizga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Birinchi bosqichda sun’iy yo‘ldoshlar suratlari tahlilidan foydalanib, „Yashil indeks“ — yashillik darajasini aniqlash rejalashtirilgan. Hozir bu ishlarni Sirdaryo viloyati tajribasida olib boryapmiz”, — dedi u.

Ikkinchi bosqich aerosuratlarni shakllantirish uchun Kadastr agentligi bilan ishlashni o‘z ichiga oladi.

“Hozirgi kunga qadar Sirdaryo viloyatining 3D formatdagi 6000 dan ziyod fotosurati olindi. Bu orqali daraxt turlarini sifat jihatdan aniqlash ishlari olib borilmoqda”, — deydi u.

Uchinchi bosqichda an’anaviy usulda, ya’ni dala sharoitida o‘rganish yordamida daraxtlarni inventarizatsiya qilish rejalashtirilgan.

“Sirdaryoga to‘rt oy vaqt ketdi. Bu juda ko‘p vaqt va resurslarni talab qildi. Shuning uchun biz vazirligimizning transformatsiyasi bo‘yicha yangi qarorni tayyorlayapmiz, unda aniq muddat va mablag‘larni ko‘rsatib o‘tdik”, — dedi u.

Jusipbek Kazbekov, shuningdek, qurilish obyektlarida daraxtlar kesilishi va daraxtlari bor yerlarni qurilish uchun ajratish masalalariga ham e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tabiat resurslari vazirligi va Qurilish vazirligi tizimlarini birlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bunda ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi, uning asosida ma’lum bir yer uchastkasida o‘simliklar mavjudligi sababli qurilish ishlariga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish berish mumkin.

O‘zbekistonda daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish haqida kamida 2019-yil boshidan beri gapirib kelinadi. O‘shanda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni hisobga olish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqish va 2019-yil 1-iyunga qadar ularni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirilgandi. Biroq bu vazifa o‘z vaqtida bajarilmagan.

2022-yil boshida prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 1-martga qadar Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlarida, 2023-yil 1-sentabrgacha esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan daraxtlarni to‘liq raqamlashtirish orqali inventarizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha yana topshiriq bergandi. Bunda dronlardan foydalanishga ham ruxsat etilgan.

Avvalroq xabar berganimizdek, ushbu majlisda senatorlar daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazoni kuchaytirish, jarima miqdorini oshirish va 15 sutkagacha qamoqqa olish tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ma’qullagan edi. Bundan tashqari, qimmatbaho daraxt turlari kesilishiga olib kelgan loyihalarni tayyorlaganlar uchun ham ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.