O‘zbekistonda gaz qazib olish dinamikasi 2023-yilning ikkinchi yarmidan boshlab ijobiy tomonga o‘zgaradi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Toshkent investitsiya forumi doirasida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov ma’lum qildi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning birinchi choragida gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga kamaygan, unga mos ravshda mart oyida mamlakatga 151,2 mln dollarlik gaz import qilingan. Energetika vazirligi rahbari pasayishni tasdiqladi va buni “turli omillar, jumladan texnogen omillar” bilan izohladi.

“Yaqinda obyektlardan birida avariyaviy to‘xtash sodir bo‘ldi, buning oqibatida sutkalik ishlab chiqarish 2 mln kub metrga qisqardi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz qazib olishning kamayishi asosan “O‘zbekneftgaz” tuzilmalariga to‘g‘ri kelgan, chunki “kompaniya konlarining 75−80 foizi o‘zlashtirilgan, xolos”.

“Biz hozir chora-tadbirlarni rejalashtirmoqdamiz, har bir kompaniya bilan ishlab chiqarishni qanday oshirishni muhokama qilamiz. Yilning ikkinchi yarmidan boshlab bu dinamika o‘zgaradi”, — dedi u.

Jo‘rabek Mirzamaxmudov gaz tarmog‘idagi vaziyat “alohida nazoratda” ekanini ta’kidladi va kutilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, sohaga kiritilayotgan investitsiyalar tufayli nafaqat qazib olishni, balki gaz qazib olishni o‘tgan yilga nisbatan ko‘paytirish rejalashtirilgan. Biroq u ishlab chiqarishning prognoz hajmlarini aytmadi.

Avvalroq O‘zbekiston neft-gaz konlarida qaysi kompaniyalar ishlayotgani haqida batafsil ma’lumot bergan edik. Energetika vazirining Ozodlik radiosi tergoviga javoban ma’lum qilishicha, 294 ta kondan 118 tasi (40%) “O‘zbekneftgaz”ga tegishli, 176 tasi esa xorijiy kompaniyalarga.

2021-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, eng katta tasdiqlangan zaxiralar “O‘zbeknetfegaz” tomonidan boshqariladi — 934,1 mlrd kub metr gaz (joriy zaxiralarning 50 foizi). “Lukoyl” 413,1 mlrd kub metr (22,1 foiz), Uz-Kor Gas Chemical — 109,6 mlrd kub metr (5,9 foiz), Surhan Gas Chemical — 106,6 mlrd kub metr (5,8 foiz), Jizzakh Petroleum (hozirgi Saneg) (5,8 foiz) — 84,9 mlrd kub metr (4,5%) gaz zaxiralari bo‘lgan konlarda ish olib bormoqda. Ishlab chiqarishning katta qismi ham “O‘zbekneftgaz” hissasiga to‘g‘ri keladi.