O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar-mart oylarida gaz qazib olish hajmi 12,3 milliard kub metrni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 1,3 milliard kub metrga kamaygan. Bu Statistika agentligi e’lon qilgan ma’lumotlarda aks etgan.

Yanvar oyida 4,31 mlrd kub metr (2022-yil yanvariga nisbatan -7,5%), fevralda 3,85 mlrd kub metr (-9%), mart oyida 4,16 mlrd kub metr (-12,96%) gaz qazib olindi.

Birinchi chorakda elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga — 19,5 milliarddan 18,5 milliard kVt/soatga kamaygan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yildan beri birinchi chorakda elektr energiyasi ishlab chiqarishda pasayish kuzatilmagan.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishning eng katta pasayishi mart oyida (-10,6%) qayd etilgan bo‘lsa, yanvar va fevral oylarida pasayish mos ravishda 2% va 2,3% ni tashkil etdi.

Issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uch oy davomida 16,5 foizga (mart oyida 36,4 foizga), ko‘mir — 14 foizga, gaz kondensati — 9 foizga kamaydi. Neft qazib olish 6,7 foizga oshdi.

Shu bilan birga, Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning birinchi choragida sanoat ishlab chiqarishi fizik hajmda 4,1 foizga oshgan, garchi yanvar-fevral oylarida 3,9 foizga kamaygan bo‘lsa ham.

gaz, elektr energiyasi, ko‘mir

Avvalroq O‘zbekiston neft-gaz konlarida qaysi kompaniyalar ishlayotgani haqida batafsil aytilgandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Ozodlik radiosi tahliliga javoban ma’lum qildiki, 294 ta konning 118 tasi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli, 176 tasida xorijiy kompaniyalar ishlaydi.

2021-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, eng katta tasdiqlangan zaxiralar “O‘zbeknetfegaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan boshqariladi — 934,1 milliard kub metr gaz (joriy zaxiralarning 50 foizi). “Lukoyl” 413,1 milliard kub metr (22,1 foiz), “Uz-Kor Gas Chemical” — 109,6 milliard kub metr (5,9 foiz), “Surhan Gas Chemical” — 106,6 milliard kub metr (5,8 foiz), “Jizzakh Petroleum” (Saneg) — 84,9 milliard kub metr (4,5 foiz) gaz zaxiralari bo‘lgan konlarda ishlamoqda. Ishlab chiqarishning katta qismi ham “O‘zbekneftgaz” hissasiga to‘g‘ri keldi.