Toshkent shahar hokimligi tomonidan o‘tgan bir oy davomida 66 ta hujjat qabul qilingan bo‘lsada, 26 tasini yoki barcha hujjatlarning deyarli 40 foizini jamoatchilikdan yashirilgan. Bu “Gazeta.uz”ning hokimlar va xalq deputatlari kengashlari qarorlari joylashtiriladigan “E-qaror” portalining ma’lumotlari asosida tayyorlangan tahlilida aniqlandi.

23-mart kuni Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U 27-mart kuni referendum arafasida saylovoldi tashviqoti uchun guruhlar tuzish haqidagi birinchi qarorini imzoladi. O‘shandan buyon shahar rahbari tomonidan 49 ta qaror va farmoyish imzolangan, biroq hujjatlarning 21 tasi (42,8 foizi), shu jumladan, 35 ta qarordan 17 tasi (48,6 foizi) va 14 ta farmoyishdan 4 tasi (28,6 foizi) jamoatchilikdan yashirilgan.

Shu bilan birga, uch kun ichida — 12−14-aprel kunlari hokim tomonidan imzolangan 14 ta qarordan 10 tasiga yoki 71,4 foizi yashirilgan.

e-qaror, тошкент, шавкат умурзоқов

Mart oyining oxiridan beri, ya’ni hokim almashganidan keyin xalq deputatlari Kengashi 17 ta qaror qabul qilgan, shundan 5 tasi yoki 29,4 foizi yashirilgan.

Taqqoslash uchun: Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “E-qaror” portalida 2021-yil 7-iyuldan 2023-yil 16-yanvargacha 2443 ta qaror va farmoyish imzolagan bo‘lsa, shundan 976 tasi (deyarli 40 foizi), jumladan, 2013 ta qarordan 772 tasi (38,3 foizi) va 430 ta farmoyishdan 204 tasi (47,4 foizi) yashirilgan.

“Gazeta.uz” Adliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatlariga so‘rov yubordi.

“Gazeta.uz” 2022-yil noyabr oyida Toshkent shahri hokimligi shahar budjetining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi kengash qarorini yashirishga uringani haqida ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng Adliya vazirligi faqat hokimlar hujjatlarni e’lon qilish va ulardan foydalanishni cheklash huquqiga ega ekanini bildirgan.

Qonunchilikka muvofiq, hokimliklar tomonidan ayrim hollarda foydalanilishi cheklangan axborotlarni (mudofaa, xavfsizlik, shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik hamda boshqalar) o‘z ichiga olgan qaror va farmoyishlar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, poytaxt hokimligi tomonidan ba’zan iqtisodiy qarorlar jamoatchilikka e’lon qilinmaydi. Xususan, may-avgust oylarida oltita festival o‘tkazish uchun hokimlik tomonidan 18 milliard so‘m sarflangan, biroq barcha shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan, ular haqidagi hujjatlar “E-qaror” portaliga joylashtirilmagan. Keyinroq Bosh prokuratura tomonidan sobiq Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari aniqlanib, festivallar vaqtida budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani haqida xabar berilgan edi.