O‘zbekistonda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 3 toifaga — “yaxshi”, “o‘rta” va “ahvoli og‘ir” toifalariga ajratildi. Bu haqda 11-aprel kuni prezident raisligida o‘tgan, yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Toifalashda yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanishi ta’kidlandi.

Bunda:

  • yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 4,4 million yoshlar “yaxshi” toifaga;
  • turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “o‘rta” toifaga kiritildi;
  • davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli og‘ir” toifasiga alohida ajratib olindi.

Davlat rahbari yig‘ilishda uchinchi toifaga batafsil to‘xtaldi.

116 ming nafar yoshlarning nogironligi bo‘lsa, 30 mingtasida surunkali kasalliklar borligi, 32 ming nafar yoshlar profilaktika, 16 ming nafari probatsiya nazoratida, 9 ming nafari muntazam dars qoldirishini ma’lum qildi.

Har bir vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan e’tiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilandi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar asosiy e’tiborini “o‘rta” toifaga kirgan 4,6 million yoshlar bilan ishlashga qaratishi lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yoshlarni ishga qabul qilish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi bildirildi.

2022-yilda 11 ta davlat oliygohining 11 mingdan ziyod bitiruvchidan 6,5 ming nafari ishga joylashmagan. Yoki grantda o‘qigan 3 ming talaba ham ishga kirmagan. Professional ta’limda ham, o‘tgan yili kollej va texnikumlarni 143 ming nafar yoshlar bitirgan bo‘lsa, shundan 30 ming nafari ish topa olmagan.

Shu munosabat bilan bundan buyon har bir vazir tarmog‘idagi kasblarga malaka talabini o‘zi belgilashi, bunda 70 foiz kasblarga o‘rta maxsus, 30 foiziga oliy ma’lumot talab etiladigan tizim bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, vazirliklar oliygoh va kollej-texnikumlarga buyurtma berish bilan birga ularning o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Har bir vazir va viloyat hokimi yil boshida o‘zining Yoshlar bandligi dasturlarini ishlab chiqib, aholiga e’lon qilishi va yil yakunida natijalari bo‘yicha jamoatchilikka hisobot berishi belgilandi.