O‘zbekistonda firibgarlikda aybdor deb topilgan shaxslar jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmaydi. Bu payshanba kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.

O‘zgartishlarga ko‘ra, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish kabi normalar qo‘llanmaydi.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Chulliyev so‘nggi yillarda “oddiy fuqarolar ham, mansabdor shaxslar ham” sodir etayotgan firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payganini ta’kidladi.

Qonun prezident tomonidan imzolanib, hujjat kuchga kirgach, “firibgarlar ham qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha [qamoqda] o‘tirishadi”, — dedi u.

“Amaliyotda 5 yil, 6 yil muddat berilgani, odamlarning yoki davlatning milliardlab pullarini o‘g‘irlaganlar berilgan uzoq muddatning faqat uchdan bir qismini o‘tab, ozodlikka chiqib ketayotganini ko‘p ko‘ryapmiz. Ular „Yashirib qo‘ygan pullarimni bemalol ishlatib yuraveraman“ deb o‘ylab, bor-yo‘g‘i bir yil o‘tirib, ozodlikka chiqib kelyapti. Endi 6 yil berishsa, 6 yil, 8 yil berishsa, 8 yil — bu shaxslar ham qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha o‘tiradi. O‘ylaymanki, jazo kuchaytirilgandan so‘ng firibgarlik ham kamayib borsa kerak”, — dedi senator.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (Firibgarlik) va 184-moddalari (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)ga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda, shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosi qo‘llanmaydi.

“Gazeta.uz” avvalroq korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxatini belgilab beruvchi va ularni sodir etganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun tafsilotlari haqida yozgandi.