Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov va ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev 8-aprel kuni Xitoydan kelgan yangi avtobuslardan birida harakatlandi. Xabar.uz tomonidan qisqa videorolik elon qilindi.

Videoda bir ayol avtobuslarga bolalar aravachasi bilan chiqish, ayniqsa, avtobuslar tiqilinch bo‘lgan paytda juda qiyin ekanini aytib, shikoyat qildi.

“Bekatlarni [avtobus poli balandligigacha] to‘g‘rilaymiz (qo‘li bilan ko‘rsatib — tahr.)… Xorijdan mutaxassislarni chaqirdik, katta ishlar ketmoqda. Hammasi bittada to‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi hokim vazifasini bajaruvchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bekatlar oldida suv to‘planishi ham bartaraf etiladi. “Sal sabr qilib turinglar”, — deb so‘radi u.

2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxt aholisiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini tanqid qilganidan so‘ng ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va transport vaziri Ilhom Mahkamov avtobusga o‘tirib, so‘ng metroga tushib ketgan edi.

Prezident fevral oyida poytaxt avtobus parkini yangilash to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unda Xitoydan 1000 ta avtobus — 700 ta katta sig‘imli avtobuslar, shu jumladan, 200 ta o‘ta katta sig‘imli avtobus (“garmoshkali”), shuningdek, 300 ta elektroavtobus xarid qilish ko‘zda tutilgandi.

8-aprel kuni ertalab “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Xitoyda ishlab chiqarilgan avtobus va elektrobuslarning birinchi partiyasini (jami 233 ta) qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan 203 tasi Yutong elektrobus va avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli (18 metrli) King Long avtobuslaridir. Qolgan mashinalar yozgacha yetkazib berilishi kutilmoqda.