MittiVine taxallusi bilan ijod qilgan 27 yoshli taniqli vayner va bloger Farhod Mannopov 5-martga o‘tar kechasi vafot etgani xabar qilingandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi uning o‘limi yuzasidan Star Med Center klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini ma’lum qildi, deya yozmoqda “Yangi O‘zbekiston” nashri.

Vayner basseynda suzish jarayonida boshidan jarohat olgan, so‘ng operatsiya qilingan, ammo komaga tushib qolib, o‘ziga kelmagan. Vazirlikning qayd etishicha, bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan yagona nizomda belgilab berilgan bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan.

Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan Star Med Center klinikasida bemorga anesteziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor J.Q.da malakaviy toifa bo‘lmagan. Anesteziolog va reanimatolog shifokorning malakaviy toifasini tasdiqlovchi amaldagi hujjat taqdim etilmagan.

“Tibbiy faoliyat litsenziyasi talab va shartlariga vrach-mutaxassislarda tegishli tibbiy mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot va malakaviy toifa hamda malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikat mavjud bo‘lishi shart. Xuddi shunday, Farhod Mannopovning plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas bo‘lib chiqdi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, blogerga operatsiya vaqtida plastik jarroh shifokori sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor E.A. Andijon davlat meditsina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishini 2019-yilda tugatgan.

Mutaxassisning ish staji besh yil bo‘lmagani uchun undan davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishida tibbiy faoliyat yuritishi, shuningdek, plastik jarrohlik bo‘yicha ambulator sharoitda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun malaka toifasiga ega bo‘lishi talab etilmagan. Biroq u bemor Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Lekin Omad plyus MCHJ tomonidan plastik jarrohlik shifokori E.A.ning malakaviy toifasi bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgan.

Vazirlik, bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor J.Sh. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R.S.ning o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlarni tekshiruvda taqdim etmaganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Farhod Mannopovning vafot etgani yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. SSV vayner vafotidan olti kun o‘tgach, uning o‘limi bo‘yicha dastlabki o‘rganish natijasini e’lon qilgan.

Aytilishicha, bemorga rinoseptoplastika amaliyoti uchun narkoz berilgan, biroq operatsiya davrida ahvoli yomonlashib, o‘lim qayd etilgan. Star Med Center klinikasi 11-martdan faoliyatini vaqtincha to‘xtatgani xabar qilingan.

Biroq bundan bexabar klinika ishlashda davom etavergan. Ogohlantirish xati olingach, muassasaning o‘zi 10 kunga vaqtincha ishini to‘xtatgani haqida SSVga xabar bergan.