Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Mening birinchi uyim” dasturi boshlanadi. Buhaqda 5-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan 2023-yilgi ipoteka dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, shu maqsadda Qurilish vazirligi huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etiladi. Unga Zangiota tumanidan 36 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu hududni kompleks rivojlantirish loyihasi ishlab chiqiladi.

Ushbu hududda 2,5 ming oilaga mo‘ljallangan, barcha standartlarga javob beruvchi qulay va energiya tejamkor 58 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi.

Ushbu uylardagi 2 va 3 xonali xonadonlar uchun oylik to‘lov miqdori amaldagi subsidiyali ipoteka to‘lovlaridan arzon bo‘ladi.

Qurilish vazirligi, Toshkent viloyati hokimligiga bir hafta muddatda “Mening birinchi uyim” shaharchasining master rejasini yakunlash, loyihani ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish topshirildi.