Yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston xorijiy davlatlardan qiymati 134,2 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 5026 ta yengil avtomobil import qilgan, deya ma’lum qildi prezident huzuridagi Statistika agentligi.

Avtomobillar Xitoy (2540), Koreya Respublikasi (2081), AQSh (217), Yaponiya (58), Gonkong (56), Germaniya (36) va BAAdan (12) olib kelingan.

Yengil avtomobillar importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 925 taga kamaygan.

Xususan, 2022-yilning yanvar-fevral oylarida mamlakatga rasman qiymati 124,5 mln dollarlik 5948 dona (2021-yilning ikki oyida 1075 ta) avtomobil olib kirilgan. O‘shanda mashinalar asosan Xitoydan (3436 ta), Koreya Respublikasidan (1512 ta) import qilingan, ammo AQSh (19), Yaponiya (15), Germaniya (9) va Gonkongdan (5) ancha kam keltirilgan.

Shu bilan birga, import qilingan avtomobilning o‘rtacha narxi 20,9 ming dollardan 26,7 ming dollarga (+27,7 foiz) oshdi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, bu tendensiyaning bir qismi ishlab chiqarilgan kundan boshlab O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tish vaqtida bir yildan ortiq vaqt o‘tmagan yangi avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarining 30 foizdan 15 foizga kamayishi bilan izohlanadi.

“Ya’ni bojlarning pasaytirilishi nisbatan arzon avtomobil bozorida deyarli o‘zgarishga sabab bo‘lmagan. Ammo nisbatan qimmat hamda alternativasi mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilmaydigan avtomobillarni xarid qiluvchilar uchun import qilishga qo‘shimcha rag‘bat uyg‘otgan bo‘lishi mumkin”, — deya taxmin qildi u.

“Gazeta.uz” yangi xorijiy avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari bosqichma-bosqich pasaytirilishi, ammo yangi hamyonbop va eski mashinalar uchun amalda taqiqlanganligicha qolishi haqida yozgan edi.

Bundan tashqari, prezidentning 2022-yil 16-apreldagi qarori bilan O‘zbekistonga dvigatel hajmi 3 litrdan ortiq bo‘lgan xorijiy avtomobillar va gibrid avtomobillarni olib kirish arzonlashdi.