2022 yilning iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi tartibsizliklar sabab sudlangan shaxslarning oila a’zolari va yaqinlaridan murojaat kelib tushganini ma’lum qildi.

«Murojaatda tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar bilan insonparvarlik tamoyili asosida qo‘shimcha uzoq va qisqa uchrashuvlar tashkil qilishda yordam so‘ralgan», — deyiladi xabarda.

Komissiya mazkur masala o‘rganilayotganini bildirdi.

Yanvar oyi oxirida birinchi sud majlisida 22 nafar ayblanuvchiga nisbatan chiqarilgan hukm e’lon qilindi. Unga ko‘ra, asosiy ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Lolagul Kallixonova 8 yil sinov muddati oldi va Azamat Nuratdinov, Axmet Smetullayev va Azamat Turdanov bilan birga sud zalidan ozod etildi. Fevral boshida esa 6 yilga hukm qilingan Po‘lat Shamshetov vafot etdi.

17 mart kuni ikkinchi sud majlisida 39 nafar ayblanuvchiga hukm o‘qildi: 28 kishi 5 yildan 11 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi, qolgan 11 ayblanuvchi 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Eng uzun jazoni advokat Oralbay Dosnazarov oldi.

«Gazeta.uz»ga ma’lum bo‘lishicha, sudlanganlarning aksariyati birinchi instansiya sudining qaroriga e’tiroz bildirish uchun apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.

Iyul oyi o‘rtalarida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarni o‘rganish va ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun parlament komissiyasi tuzilgandi. Komissiya vazifalariga inson huquqlari, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini buzish bilan bog‘liq holatlar va hodisalarni chuqur o‘rganish hamda audio, foto va video bilan qayd etib borish kiritilgandi. O‘rganish natijalari bo‘yicha yakuniy axborot tayyorlanib, Oliy Majlisining palatalariga taqdim etishi belgilangandi.

Ikki sud jarayoni yakunlanganiga qaramay, komissiya haligacha o‘z hisobotini taqdim etgani yo‘q. Komissiya a’zosi, Shvetsiyaning Markaziy Osiyo nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi direktori Gulnoz Mamarasulova «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida hisobotning e’lon qilinishini O‘zbekiston jamoatchiligi, xalqaro tashkilotlar, AQSh va Yevropa Ittifoqi ham kutayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim komissiya a’zolari to‘liq hisobotning e’lon qilinishi uning ishini biroz cheklaydi yoki yakunlaydi, «shuning uchun komissiya sud jarayonini kuzatishni va keyin xulosani e’lon qilishni xohlaydi».