Qozog‘iston aprel oyidan boshlab Rossiyaga reeksport qilish uchun mamlakat orqali o‘tadigan tovarlarni kuzatishni boshlaydi, deb xabar qildi Financial Times qozog‘istonlik yuqori lavozimdagi amaldorga tayanib.

Manbaga ko‘ra, 1 apreldan ishga tushiriladigan yangi onlayn vosita «chegaradan chegaragacha bo‘lgan tovarlar harakati zanjirini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi».

«Ikkilamchi sanksiyalar xavfini tushunib turibmiz, shuning uchun barcha hamkorlar bilan o‘zaro savdomizni diqqat bilan kuzatib boramiz», — deydi rasmiylardan biri. U, shuningdek, Qozog‘iston reeksport xavfini kamaytirish ustida doimiy ish olib borayotganini qo‘shimcha qildi.

FT ta’kidlaganidek, ushbu choralar G‘arbning xorijiy kompaniya va jismoniy shaxslarning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi fonida amalga oshiriladi.

Qozog‘iston Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, uning Rossiyaga eksporti 2022 yilda undan oldingi yilga nisbatan 25 foizga oshgan. Xususan, Qozog‘istondan 2021 yilda kir yuvish mashinalari eksport qilinmagan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 100 mingtaga yetgan.

Avvalroq Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib, so‘nggi haftalarda Rossiya kompaniyalari sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Qozog‘istondagi hamkorlarini zarur tovarlarni import qilishda yordam so‘rovlari bilan ko‘mib tashlagani haqida yozgandi. Gap turli mahsulotlar — telefonlar, elektronika, nodir metallar, bank kartalari uchun materiallarni yetkazib berish haqida bormoqda.

Shu bilan birga, Bloomberg avvalroq yozganidek, Yevropa Ittifoqi ilg‘or Yevropa texnologiyalari va Rossiya Ukrainada harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa tovarlar importini keskin oshirgan davlatlarga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Gap Turkiya, BAA hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.