O‘zbekistonda 21 mart kuni 5−6 balli va 23 martga o‘tar kechasi 4−5 balli yer silkinish holatlari sezildi. Ko‘plab hududlarda zizlilalar bir necha soniya davom etdi.

Xususan, seshanba kuni soat 21:48 da Afg‘onistonda qayd etilgan yer silkinishi kuchi sabab Toshkent shahridagi ayrim aholi va savdo markazlariga tashrif buyurganlar ko‘chaga yugurib chiqdi. Payshanba kuni esa Tojikistonda soat 01:07 da sodir bo‘lgan yer silkinishi kuchi O‘zbekistonning 11 ta hududida sezilib, 4−5 ballni tashkil etdi. Oradan yarim soat o‘tib, aftershok qayd etildi, ammo ikkinchi to‘lqin respublika bo‘ylab sezilmadi.

«Gazeta.uz» zilzila vaqtida poytaxt aholisi qay holatga tushgani, nimalarni his qilgani va qanday yo‘l tutgani bilan qiziqdi.

Aholining aksariyati yer silkinishlari paytida qo‘rqqani va vahimaga tushganini ta’kidladi. Ayrimlar ko‘chaga chiqib turganini, ba’zilar esa uyda qolgani va hech qanday xavfsizlik choralari ko‘rmaganini qayd etdi.

«Zilzila bo‘layotgan paytda stolda o‘tirgandim. O‘rnimdan turib, bolalarimiz bilan eshikning o‘rtasiga turib oldik. Yaxshigina sezildi, chunki yettinchi qavatda yashaymiz, pastga tushishga ulgurolmasdik. Uyimni ham xavfsiz deb hisoblayman», — dedi fuqarolardan biri.

Yana bir ayolning so‘zlariga ko‘ra, u farzandlarini olib, darrov ko‘chaga shoshgan va qo‘shnilari bilan bir soatcha tashqarida qolgan. Boshqa bir fuqaroning aytishicha, uning telefoniga ogohlantirish xabari kelgan va o‘zining salomatligi og‘irlashayotgani — qon bosimi ortayotgani sezgan.

«Birinchi zilzila bo‘lganda eshikni oldida turib qoldim. Ikkinchisida pasport va pulimni olib, tashqariga chiqib ketdim va ochiq maydonda yurdim. Hammasi o‘tib ketgach, uyga qaytdim. Ko‘z oldimga oilam uzoqdaligi uchun faqat ular keldi», — dedi yana bir erkak.

Suhbatdoshlarning barchasi 30−50 yillar avval qurilgan uylar ancha ishonchli va mustahkam ekani, so‘nggi yillarda qurilganlariga esa ishonch yo‘qligi, kuchliroq zilzila vaqtida ular qulab tushishi mumkinligini ta’kidlashdi.

Eslatib o‘tamiz, Seysmologiya instituti xodimi Qaharbay Abdullabekov O‘zbekistonda yaqin kunlarda yana zilzila kuzatilishi haqida tarqalgan xabarlar asossizligini ma’lum qilgandi. Bir hududda bo‘lgan zilzila ikkinchisini keltirib chiqarmasligi, faqat uning ortidan ayrim aftershoklar kuzatilishi mumkinligini aytgandi.

Avvalroq «Gazeta.uz» O‘zbekiston olimlari o‘tmishda bir qancha zilzilalarni aniq bashorat qilgani, ammo nega hammasini ham bashorat qilib bo‘lmasligi haqida olimlar bilan suhbatlashgandi.