O‘zbekistonda aholi yashash punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda qoidabuzarliklar, qidiruvdagi mashinalarni aniqlash, zarur choralarni ko‘rish hamda yordam ko‘rsatishda tezkorlikka erishish maqsadida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan (dronlar) foydalanish taklifi kiritilmoqda.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» qarori muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 1 oktabrga qadar dronlardan foydalanish hamda ularni saqlash bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganib chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Shuningdek, taklifga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish, foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasidagi ma’lumotlar Yagona axborot tizimining Ma’muriy amaliyot modulida jamlab boriladi. Modul Majburiy ijro byurosining tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilingan holda faoliyat yuritadi.

Bunda huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar E-ma'muriy ish axborot tizimida yagona xos (unikal) raqam orqali ro‘yxatga olinadi.

Soliq to‘lovchilarning qarzlarini tahlil qilish uchun tizim Soliq qo‘mitasi bilan ham birlashtiriladi. Shaxs va uning nomidagi transportning davlat raqami, huquqbuzarlik sodir etgan shaxs FISH va JSHSHIR raqami real vaqt rejimida soliq organlariga axborot beriladi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilgan barcha axborot tizimlarini birlashtirish uchun Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Avvalroq O‘zbekistonga ilk bor noqonuniy dron olib kirganlarni 3 yilgacha qamoq jazosi berishning o‘rniga ma’muriy javobgarlikka tortish taklif etilgandi.