Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilov 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2023 yil 10 martdagi hukmi bilan Jamshid Fozilov Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi va 229−4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

«Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan», — deyiladi Oliy sud axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda sudlanuvchi Jamshid Fozilov tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda.

Avvalroq, Jamshid Fozilovga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar berilgan edi.

U 2016 yil 09 iyul kunidan 2019 yil 26 oktabr kuniga qadar Qarshi shahar hokimi mansabdor shaxs lavozimida ishlab kelgan. Shu vaqt davomida o‘ziga berilgan mansab vakolatlaridan qasddan foydalanib mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni sodir etgan.

Xususan, u Qarshi shahar hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish doimiy komissiya a’zolari, shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari U.Avazov, shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Sh. Buxarov, shahar bosh arxitektori Sh.Bo‘ronov, Davlat kadastrlari palatasi Qarshi shahar filiali boshlig‘i M.Xushov va boshqalar bilan Qarshi shahri hududidagi yer maydonlari hamda boshqa infratuzilma obyektlarini noqonuniy ravishda soxta hujjatlar asosida berish haqida oldindan jinoiy til biriktirgan.

Oqibatda 2018−2019 yillar davomida 54 ta holatda umumiy qiymati 60 mlrd 512 mln so‘m bo‘lgan jami 463 212,13 m² yer uchastkalarini jinoiy guruh a’zolari tomonidan o‘z kuchini yo‘qotgan Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki qaror qabul qilishda asos bo‘lmagan boshqa soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib tayyorlangan dalolatnomalarga asosan, auksion savdolari o‘tkazmasdan, noqonuniy yer ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish orqali talon-toroj qilinishiga sababchi bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 20 oktabrdagi ajrimiga ko‘ra, Jinoyat protsessual kodeksining 242−2-moddasiga asosan viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Sudning mazkur ajrimiga nisbatan Qarshi shahar prokurori tomonidan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya tartibida protest keltirilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining yakuniy to‘xtamidan keyin jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda tegishli munosabat bildirilishi ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, Jamshid Fozilov 1972 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan. U 2016−2019 yillarda Qarshi shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.