22 mart kuni O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Kobulda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdulg‘ani Barodar, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazgan.

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg‘oniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish, muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilingan. Xususan, Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘lini qurish, Surxon-Puli-Xumri yo‘nalishi bo‘ylab elektr tarmog‘ini tortish masalalari alohida ko‘rib chiqilgan.

«Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq o‘tish zarurligini ta’kidladilar va ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar», — deyiladi TIV xabarida.

Qayd etilishicha, muloqotlar chog‘ida ayollar huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afg‘onistonda ta’lim olishini ta’minlash, shuningdek, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘on kadrlarini tayyorlash zarurligi ta’kidlangan. Uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, Afg‘oniston «O‘zbekiston bilan o‘zaro anglashuv asosida» Amudaryodan Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirgan. Bu haqda Mulla Abdulg‘ani Barodar o‘zining Twitter`dagi sahifasida yozib qoldirgan.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston «boshqa infratuzilma loyihalari qatori Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasi samaradorligini oshirish uchun [Afg‘onistonning] texnik guruhlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan».

Abdulg‘ani Baradar Afg‘onistonning «xalqaro standartlarga muvofiq, shuningdek, mamlakatning imtiyoz va huquqlarini to‘liq hisobga olgan holda» Amudaryodan suv olish huquqi mavjudligini ham qayd etgan.

аbdulaziz камилов, afg‘onистон, ўзбекистон
Foto: twitter.com/FDPM_AFG

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Abdulqahhor Balxiyning yozishicha, Abdulaziz Komilov va Amirxon Muttaqiy o‘rtasidagi muzokaralarda «mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari har tomonlama muhokama qilingan».

Abdulaziz Komilovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda, u O‘zbekiston Afg‘oniston bilan qishloq va suv xo‘jaligi sohasida texnik maslahatlar bilan bo‘lishishga va o‘zaro tovar ayirboshlash darajasini 1 milliard dollarga yetkazishga tayyorligini bildirgan.

Foto: twitter.com/QaharBalkhi

Afg‘oniston Mudofaa vazirligining Twitter sahifasida xabar berilishicha, muzokaralarda «chegara, xavfsizlik va boshqa tegishli mavzular» ham muhokama qilingan.