16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Uning ustav fondi 500 million dollarni tashkil etadi, deb xabar berdi Kapital.kz.

Jamg‘armaning ustav kapitali har birining nominal qiymati 50 ming dollar bo‘lgan 10 mingta aksiyaga ajratiladi. U to‘langan va jalb qilingan aksiyalarga bo‘linadi. To‘langan aksiyalarning umumiy nominal qiymati 350 million dollarni, jalb qilingan aksiyalarning umumiy nominal qiymati esa 150 million dollarni tashkil etadi.

Beshta davlatning har biri — Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston — 2000 tadan boshlang‘ich aksiyalarni oladi, lekin to‘langan aksiyalar uchun to‘rtga bo‘lib to‘lashi kerak: inauguratsion yig‘ilishdan keyin 90 kun ichida 5 million dollar miqdoridagi dastlabki to‘lov, keyin esa 3 ta — yillik to‘lovlar mos ravishda 18 million, 23 million va 24 million dollar miqdorida (har bir mamlakat uchun jami 70 million dollar). Jalb qilingan aksiyalar doirasida har bir davlatning ulushi 30 million dollarni tashkil etadi.

Xalqaro moliya tashkiloti maqomiga ega Turkiy investitsiya fondining bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan bo‘lib, 20 yil davomida faoliyat yuritadi. Ammo boshqaruv kengashi fondning ishlash muddatini uzaytirishi yoki to‘xtatishi mumkin.

Investitsiya fondini yaratish tashabbusi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga tegishli bo‘lib, u bu taklifni 2022 yil noyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan TDT sammitida bildirgan edi.

O‘sha sammitda prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, TDTда yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish tashabbusini ilgari surgan.

16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan TDTнинг navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston rahbari kutilmagan sinovlar vaqtida ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda yaqin hamkorlik va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Gap oziq-ovqat va qurilish materiallarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish haqida bormoqda.

«Bugungi kunda rasman tashkil etilgan Turkiy investitsiya fondining birinchi moliyaviy resurslarini ushbu loyihalarga jalb qilish mumkin, deb hisoblaymiz», — dedi u.