O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati Jahongir Ortiqxo‘jayevning O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning maslahatchisi etib tayinlanganini rad etdi.

«Жаҳонгир Ortiqxo‘jayevning O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlangani haqidagi xabarlar yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokimning iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi. «Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — degandi davlat rahbari.

Shu kuni «Gazeta.uz» manbasi sobiq hokim va uning oilasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Turkiyaning Istanbul shahriga kechikib uchgan HY 271 reysi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Lekinyo‘lovchilar orasida Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lmagan.

31 yanvar kuni esa Markaziy saylov komissiyasi Toshkent shahrining sobiq hokimini Oliy Majlis Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.