Shu kunlarda ko‘plab mahalla va mavzelarda ba’zi daraxtlar oq libosda — lekin bu oqlik bir-ikki oy avval o‘zbekistonliklarni, ayniqsa toshkentliklarni qiynagan anomal qishning qoridan emas, balki bahorning iliqligidan: “har bahorda shu bo‘lar takror” deb yozgan shoirning she’rida aytilgan o‘riklar oppoq bo‘lib gulladi.

Bu hali hammasi emas. Havo ilib, ko‘klamga yetishgan odamlar yengil kiyimlarga o‘tarkan, uyg‘ongan tabiatning yashil libosi kundan-kun qalinlashmoqda. Shoxlarda kurtaklar, hammayoq maysazor, maysazorlarda esa sap-sariq momaqaymoqlar (va boshqa gullar ham) bo‘y cho‘zgan. Shoir aytmoqchi, “mana senga olam-olam gul, etagingga siqqanicha ol!”.

“Gazeta.uz” fotomuxbiri Madina A’zam Toshkent bo‘ylab sayr qilib, bahor mujdalari aks etgan lavhalarni bir sahifaga jamladi.