O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bir guruh jurnalistlar va jamoat vakillarining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «yashirin, lekin kuchli senzura» mavjudligi haqidagi murojaatnomasi yuzasidan munosabat bildirdi.

Avvalroq e’lon qilingan murojaatnomada Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda davlat rahbari bo‘lishi bilan O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar boshlangani qayd etilgan edi. «Jumladan, xalqimiz uzoq vaqt va intiqlik bilan kutgan so‘z erkinligi, fikr erkinligi paydo bo‘la boshladi. Bu orqali o‘tgan yillarda O‘zbekistonda matbuot erkinligi muhiti sezilarli darajada shakllanib ulgurdi».

«Ayni paytda, biz jurnalistlar va jamoatchilik vakillarini hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura ham bezovta qilyapti. Tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy to‘siqlar, bosimlar, qo‘rqitishlar saqlanib qolyapti», — deyilgandi murojaatnomada.

Uyushma ushbu murojaat bundan 7−8 yil avval e’lon qilinganida, ehtimol biror fikr bildirishga hojat bo‘lmasligini qayd etdi.

«Negaki, bugun yurtimizda ochiklik siyosati, so‘z va matbuot erkinligi ustuvordir. Yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim o‘tkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini o‘zgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh bo‘lmadik», — deya qayd etdi Jurnalistlar uyushmasi.

Tashkilotning ma’lum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘z erkinligi ta’minlanishida sobitligi, ochiqlik siyosati bu boradagi islohotlarning ortga qaytmas tus olgani, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘yilgan qadamlar matbuot sohasida keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

«Jumladan, uzoq yillar davomida yopib qo‘yilgan qator internet nashrlari ochildi, OAVda erkin faoliyat yuritish muhiti shakllandi, turfa «qora ro‘yxatlar»ga barham berilganiga barchamiz shohidmiz. OAV vakillariga hech kim, biron-bir davlat tashkiloti «uni yozma, buni yoz» deyayotgani yo‘q. Jurnalist va blogerlarimiz mavjud muammolarni dadil ko‘tarib chiqmoqda», — deya qayd etdi Jurnalistlar uyushmasi.

Birgina 2023 yilning yanvar oyida matbuotda va internet nashrlarida hukumat va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga daxldor 1300 dan ziyod tanqidiy materiallar e’lon qilinganining o‘zi «yuqoridagi fikrimizning dalilidir», — deya ta’kidladi tashkilot.

«Ammo ming afsuski, ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan so‘z erkinligini suiste’mol qilish, matbuotdek muqaddas minbardan shaxsiy manfaat, soxta obro‘-e’tibor yoki boshqa g‘arazli maqsadlarda foydalanish hollari uchrab turibdi. Ularga qonuniy choralar ko‘rilayotgani esa ba’zi bir jurnalist va blogerlar tomonidan bilib-bilmay noxolis talqin qilinmoqda», — deb hisoblaydi uyushma.

Tashkilotning qayd etishicha, O‘zbekiston jurnalistlarining «kasb etika kodeksiga, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga rioya etmasligi kabi salbiy holatlarni albatta, oqlab bo‘lmaydi».

«Biroq ularni tartibga chaqirish, qonun asosida faoliyat olib borishga chorlash so‘z erkinligiga tajovuz, bosim yoxud senzura hisoblanmaydi! Ommaviy axborot vositalari vakillarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan davlatimiz rahbari „Men haqiqat va adolatni o‘z e’tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo‘ladi“ deya alohida ta’kidlagan», — deyiladi munosabatda.

Bundan tashqari, uyushmaning fikricha, «ayni kunlarda ham mamlakatda matbuot va so‘z erkinligi ta’minlanishini yanada kuchaytirish, bu borada qonuniylikni ta’minlash, jurnalist va blogerlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilayotgani, Axborot kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani bunga yana bir yorqin misoldir».

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytishimiz mumkinki, bir guruh jurnalist va blogerlarning davlatimiz rahbariga murojaat yo‘llaganining o‘zi ham mamlakatimizda so‘z erkinligining ochiq ekanligidan dalolat beradi», — deya xulosa yasadi uyushma.

Eslatib o‘tamiz, jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish 2019 yilning avgust oyidayoq taklif qilingan, biroq bu qoida qabul qilinmagan edi. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev huquq-tartibot idoralari bunga qarshilik qilganini ta’kidladi.

2021 yil fevralida jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni Jinoyat kodeksiga kiritish yana taklif qilindi. Bu o‘z mansab mavqeidan foydalanib, jurnalistga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash yoki zo‘ravonlik qo‘llash bilan tahdid qilish, uni har qanday ma’lumotni tarqatishga yoki tarqatmaslikka majburlashni anglatardi. Biroq ushbu qoida ham qabul qilinmadi.