Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasi Rossiyaning Yandex Go taksi va yetkazib berish xizmatining O‘zbekistondagi faoliyati tufayli tanqidlarga uchradi.

Bloger Shahnoza Soatova Yandex Go haydovchisi to‘lov karta orqali amalga oshirilgani sababli uni manziliga olib borishdan bosh tortganini aytib, shikoyat qilgandi. Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu holatga e’tibor qaratdi.

«Gazeta.uz» avvalroq xuddi shu muammo bo‘yicha alohida maqola tayyorlab, to‘lov bank kartasi orqali amalga oshirilsa, haydovchilar buyurtmani qabul qilishdan bosh tortayotgani sabablarini tahlil qilgandi.

Bakirovning fikricha, bunday holatlarga birinchi bo‘lib monopoliyaga qarshi organ e’tibor qaratishi kerak. U Toshkent shahri va viloyat markazlarida taksi xizmati bo‘yicha bosh agregator bo‘lgan Yandex Go na yuridik shaxs sifatida va na doimiy muassasa yoki vakolatxona sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqidagi tasdiqni topa olmaganini ta’kidladi. Shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistonda doimiy muassasasi yoki vakolatxonasi yo‘q, «Yandeks»ning esa Qozog‘istonda rasmiy ofisi mavjud.

Iqtisodchi «Yandeks.Taksi» O‘zbekistonda qaysi huquqiy asoslarga ko‘ra faoliyat yuritayotgani bilan qiziqdi va Soliq qo‘mitasidan kompaniya soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganmi, soliq to‘laydimi va qay darajada to‘laydi, degan savollarga javob berishni so‘radi.

Shuningdek, Otabek Bakirov «Yandeks.Taksi» nega tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega subyektlar reyestriga kiritilmaganini tushuntirishni so‘radi.

Bundan tashqari, u qo‘shni Qozog‘istonda Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi tomonidan «Yandeks.Taksi» kompaniyasiga qarshi monopoliyaga qarshi tekshiruv boshlanganini ta’kidladi.

Qo‘mita javobi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi taksi agregatorlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bozorida to‘laqonli tahlil o‘tkazish 2022 yil oktabr oyidan boshlagani, mutasaddi vazirliklar va tashkilotlarga so‘rov xatlari yuborilganini ma’lum qildi.

Noyabr oyida organ «Yandeks» kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, kompaniya xizmatlariga narxlarni belgilash metodologiyasi, ilova foydalanuvchilarining ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqish, haydovchilar bilan munosabatlar bo‘yicha tushuntirishlar bergan.

Qo‘mita kompaniya vakillariga raqobat qonunchiligi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish doirasida xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Aholining fikrini o‘rganish maqsadida davlat agentligi saytida so‘rovnoma joylashtirildi.

«„Yandeks“ kompaniyasi mamlakatimizda yuridik shaxsni tashkil etmagani masalasi qo‘mitaning vakolatiga kirmaydi. Ammo ushbu masalada O‘zbekistonning vakolatli organlarining kelishilgan izchil harakatlariga ehtiyoj mavjud. Shu bilan birga, bugungi kunda deyarli barcha global raqamli platformalar mamlakatimizda alohida yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganiga qaramasdan, mahalliy iste’molchilarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda», — deyiladi xabarda.

«Bu holat ularning faoliyatini monopoliyaga qarshi tartibga solishda, jumladan, tahlil nuqtai nazaridan ham muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda», — deya tan oldi qo‘mita.

Tovar va moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e’tirof etish hamda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeini egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, tegishli bozorni o‘rganishda monopoliyaga qarshi organ davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan tegishli ravishda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi, xo‘jalik yurituvchi subyektning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi va boshqa zaruriy ma’lumotlarni so‘rab olishi belgilangan.

«Raqamli platformalarning ushbu jihati, ularning faoliyatini tartibga solish masalalari o‘ziga xosligini inobatga olib, ishlab chiqilgan „Raqobat to‘g‘risidagi“ yangi qonun loyihasida raqamli platformalarga doir maxsus normalar aks ettirilgan va bugungi kunda ushbu loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanib, Senatga taqdim etilgan. (2 mart kuni Senat qonunni ma’qulladi — tahr.)», — deyiladi xabarda.

Shunga qaramasdan, 2023 yil fevral oyida Yandex Go xizmati ta’sischilari Yandex N.V. (Niderlandiya), Yandex Europe AG (Shveysariya) va Ridetech International B.V. (Niderlandiya) kompaniyalariga dastur foydalanuvchilari (haydovchilar va mijozlar) sonini, tranzaksiyalarning umumiy soni va yo‘lovchi tashish hajmini, xizmatlarning umumiy aylanmasini (GMV) va Yandex Go xizmati tomonidan olingan komissiyalar miqdori va taqsimoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘rab, so‘rovlar jo‘natilgan.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tahlil natijalari ommaviy axborot vositalari orqali qo‘shimcha ravishda e’lon qilinishini bildirdi.

«Yandeks.Taksi» O‘zbekistonda soliq to‘laydimi?

2020 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonda «Google solig‘i» nomli soliq to‘lovi kuchga kirdi. Oradan bir oy o‘tgach, Davlat soliq qo‘mitasida xorijiy internet kompaniyalari ushbu soliq to‘lovchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari uchun maxsus QQS ofisi ochildi.

Bugungi kunga qadar 41 ta kompaniya, jumladan, Yandex Europe AG ro‘yxatdan o‘tgan, ammo u elektron xizmatlar ko‘rsatadi, «Yandeks.Taksi», «Yandeks.Market», «Yandeks.Xarita» va boshqalar esa bosh kompaniya (xolding) — Yandex N.V`ga tegishli.

2022 yilning 11 oyi davomida Yandex Europe AG 445,5 million so‘m soliq to‘lagan.

Yandex Go ma’muriyatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, agregator buyurtmadan ushlab qoladigan yagona summa bu xizmat ko‘rsatish komissiyasi hisoblanadi. Tarif va shaharga qarab u 5% dan 13% gacha hisoblanadi.

Yandex Go`ning O‘zbekistondagi hamkorlari (ular soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan) o‘rtacha hisoblangan yo‘l haqining 3,5−4 foizini oladi, deya avvalroq xabar bergan haydovchilar. Ular ushbu daromaddan soliq to‘lashlari kerak.

Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zini Yandex Go piar loyihalari mas’uli deb tanishtirgan vakilning yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha javobini e’lon qildi.

«Siz o‘z postingizda yuridik shaxs va soliqlar haqida bilmoqchi edingiz: Yandex Go — onlayn axborot xizmati. Biz xizmatlarni masofadan turib taqdim etamiz, bu esa hamkorlarga platformaga kirish imkonini beradi. O‘zbekiston hududida ushbu xizmatlar Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Ridetech International B.V. (Soliq qo‘mitasining QQS ofisida mavjud emas — tahr.) yuridik shaxsi tomonidan taqdim etiladi. Bu mamlakat qonunchiligiga zid emas», — deyiladi xabarda.

«O‘zbekiston Respublikasi va Niderlandiya Qirolligi o‘rtasida ikki tomonlama soliqqa tortishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi konvensiya tuzilganidan buyon Yandex Go soliqlarni kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan joyida to‘laydi. Mahalliy hamkorlarimiz, o‘z navbatida, O‘zbekiston soliq qonunchiligiga muvofiq transport xizmatlari uchun soliq to‘lash uchun to‘liq javobgardirlar. Boshqa xalqaro onlayn xizmatlar ham xuddi shunday ishlaydi: Google, Instagram, AliExpress», — dedi kompaniya vakili.

Kompaniya vakillari «Gazete.uz»ga bergan izohida «Yandex Go O‘zbekistonda mamlakat qonunchiligiga muvofiq ish olib boradi», deya qo‘shimcha qildi.

«Platforma respublikadan tashqaridagi hamkorlarga masofaviy xizmatlarni taqdim etadi. Bunday xizmatlarni ko‘rsatadigan xizmat ro‘yxatdan o‘tgan joyda amaldagi qonunchilikka muvofiq soliq to‘laydi. Shu bilan birga, bizning hamkorlarimiz — Yandex Go platformasi orqali pul ishlayotgan taksi kompaniyalari va ularning haydovchilari O‘zbekistonda ko‘rsatayotgan transport xizmatlariga nisbatan soliq va yig‘imlarni to‘lash uchun javobgardirlar», — deyiladi xabarda.

2019 yilning aprel oyida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev o‘sha paytda 10 ming haydovchi xizmat ko‘rsatgan «Yandeks.Taksi» kompaniyasi O‘zbekistonda soliq to‘lamasligini ta’kidlagandi.

Soliq qo‘mitasi vaziyatga izoh berganicha yo‘q.