Endilikda pedagog xodimlarning faoliyatiga qonunga zid tarzda aralashganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanadi, agar holat yana qaytarilsa, jinoiy javobgarlik belgilanadi. Senatorlar 37-yalpi majlisda «Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonunni ma’qulladi.

Hujjatda pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish, ularni hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun jo‘natish, ulardan turli hisobot va ma’lumotlar talab etish ham javobgarlikka sabab bo‘lishi keltirib o‘tilgan.

Ta’lim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga ma’muriy tarzda qayta majburlaganlar BHMning 150−200 baravarigacha (60 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ularni mehnatga ma’muriy tarzda majburlash, kasbiy faoliyatga qonunga qarshi aralashish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Bundan tashqari, o‘quvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatganlar, masalan, ularga qo‘yiladigan bahodan norozi bo‘lib, uni o‘zgartirishni talab qilgan yoki holat bo‘yicha pedagogga tahdid qilganlarga ham javobgarlik kuchaytiriladi.

Bunda kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga BHMning 10−15 baravarigacha (4,5 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 15−20 baravarigacha (6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga 15 besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun ta’lim tashkilotining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar hamda pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Hujjat endi prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, prezident Administratsiyasi sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, tez orada qabul qilinishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.