O‘zbekistonda savdo yoki xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarorida nazarda tutilgan.

Adliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish orqali bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 iyuldan boshlab tadbirkorlarga nisbatan yangi turdagi javobgarlik choralari va sanksiyalarni joriy etishga 3 yillik moratoriy o‘rnatiladi. Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon loyihasida 1 yil muddatga moratoriy ko‘zda tutilgan bo‘lsa, muhokamadan so‘ng u 3 yilga uzaytirildi.

Bu chora-tadbirlar prezident tomonidan 2022 yil 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qilingandi.

Shu bilan birga, davlat rahbari soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jarimalarning ko‘pligi va og‘irligi yuzasidan kichik biznes vakillaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganini ta’kidlagan.

Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to‘layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 1 million so‘m atrofida/ Lekin kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy, shuningdek, 3 milliondan 12 million so‘mgacha ma’muriy jarima solinadi. Ya’ni kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.

Davlat rahbari jarimalar miqdori tadbirkorlar to‘laydigan soliq miqdoridan oshmasligi kerakligini bildirgan. Mazkur o‘zgartirishlar davlat dasturiga kiritilmagan bo‘lsa-da, me’yoriy-huquqiy hujjat loyihasi biznes-ombudsman tomonidan ishlab chiqilmoqda, deb xabar berdi Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev birinchi marta kamchilikka yo‘l qo‘ygan kichik biznes subyektlari jazolanmasligini ta’kidlagan. Aksincha, soliq organlari kamchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi.

Bu band davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasida qayd etilgan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati davomida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan kichik biznes subyektlariga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo‘llashni taqiqlash ko‘zda tutilgan (huquqbuzarliklar aniqlangan va jinoiy ish yuritish doirasida ko‘rib chiqilayotgan hollar bundan mustasno). Biroq ushbu band tasdiqlangan hujjatning yakuniy versiyasiga kiritilmagan.

Prezidentning 31 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da ham bu boradagi ishlar qayd etilgan. Hujjatda 2022 yil oktabrgacha ushbu takliflar, jumladan, jarima miqdorini kamaytirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan, biroq normativ-huquqiy hujjat haligacha qabul qilinmagan.

Tadbirkorlar bilan uchrashuvda tadbirkorlik subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar belgilovchi yangi qonun hujjatlari qabul qilinsa, olti oy ichida kamchilikka yo‘l qo‘ygan tadbirkorlar jazolanmasligi ham ta’kidlandi.