28 fevral kuni Toshkent shahrida 28- va 155-sonli avtobus haydovchilari yo‘lovchi talashib mushtlashgandi va ularga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgandi. Haydovchilarning harakati yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida ma’muriy ish ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati.

Sudda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha N.B. va M.M.ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Unda aniqlanishicha, haydovchilar Yashnobod tumani Izzat ko‘chasida o‘zlariga biriktirilgan avtobuslarni boshqarib, harakat davomida bir-birlariga yo‘l bermasdan kelgan.

«Shu ko‘chada joylashgan 76-sonli avtobekat oldida to‘xtab, „jamoat joyida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan“, o‘zaro janjallashib, bekatda turgan fuqarolar oldida bir-birlarini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan. Fuqarolar osoyishtaligini buzib, mayda bezorilik qilgan. Huquqbuzarlar ushbu harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilishgan», — deyiladi xabarda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2 martdagi qarori bilan N.B. va M.M.ning har biriga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ta’kidlanishicha, qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkin.

Holatga munosabat bildirgan bloger, adliya vaziri maslahatchi Shahnoza Soatova ushbu ikki yo‘nalish bir nuqtada kesishishini va ma’lum bir masofagacha bir yo‘nalishda yurishini hamda haydovchilar tez-tez mushtlashib, yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘yib turishlarini yozib qoldirgandi.