AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 28 fevral oqshomida Toshkentga tashrif buyurdi. Bu Amerika tashqi siyosat mahkamasi rahbarlarining O‘zbekistonga amalga oshirgan sakkizinchi safaridir. «Gazeta.uz» bungacha amalga oshirilgan tashriflar haqida ma’lumot beradi.

Birinchi tashrif: Jeyms Beyker

«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 1992 yil 17 fevral sonidan«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 1992 yil 17 fevral sonidan

«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 1992 yil 17 fevral sonida e’lon qilingan «Olamshumul tarixiy voqea» sarlavhali materialdan ko‘chirma:

«1992 yil 15 fevral kuni kechqurun soat 19 da Toshkentga AQSh davlat ramzi tasviri tushirilgan ulkan havo kemasi yetib keldi. Amerika Qo‘shma Shtatlari davlat kotibi Jeyms Beyker O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu respublika tarixida birinchi marta AQSh davlat kotibi darajasidagi rasmiy tashrifdir».

Beykerni Toshkent aeroportida prezident Islom Karimovning o‘zi kutib olgan. 16 fevral kuni muzokaralar bo‘lib o‘tgan, undan avval jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lgan. Kunning ikkinchi yarmida AQSh davlat kotibi Karimov bilan birga Samarqandni aylangan. «Xalq so‘zi» gazetasida yozilishicha, ular Toshkentga qaytib, yana jurnalistlar bilan uchrashgan. Shundan so‘ng Jeyms Beyker Moskvaga uchib ketgan.

ақш - ўзбекистон, ақш davlat kotibi, жон керри, ислом каримов, колин паuэлл, шавкат мирзиёев, энтони блинкен, ҳиллари клинтон

«1992 yilning 15−16 ferval kunlari mustaqil davlatimiz tarixiga olamshumul voqea sfiatida yoziladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar oltin kitobining dastlabki sahifasidir», deb yozadi «O‘zbekiston ovozi» muxbiri A.Abdubannopov.

Ushbu tashrifdan bir necha kun o‘tib, 1992 yilning 19 fevral kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida rasman diplomatik munosabatlar o‘rnatiladi.

Ikkinchi tashrif: Madlen Olbrayt

2000 yilning 16 aprel kuni AQSh tarixidagi ilk ayol davlat kotibi Madlen Olbrayt Toshkentga kelgan. Uni Toshkent aeroportida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Toshkent shahar hokimi Kozim To‘laganov kutib olgan.

Madlen Olbrayt O‘zbekiston safari davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ma’ruza o‘qigan («U O‘zbekiston xalqi qadimdan ma’rifatliligi bilan ajralib turishini ta’kidladi», deyiladi O‘zA axborotida), Samarqand va Buxoroni aylangan, prezident Islom Karimov bilan uchrashuvda esa ushbu shaharlarda olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.

«AQSh davlat kotibi oxirgi marta 1992 yilda O‘zbekistonga kelgan edi. Ushbu tashrif (ya’ni, Madlen Olbraytning tashrifi — tahr.) AQSh hukumatining O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishga intilishi oshib borayotganidan darak beradi», — deb ta’kidlagan o‘sha uchrashuvda Islom Karimov.

«Xalq so‘zi» gazetasining 2000 yil 19 aprel sonidan«Xalq so‘zi» gazetasining 2000 yil 19 aprel sonidan

U, shuningdek, Toshkentdagi Ayollarni sog‘lomlashtirish markazi ochilishida, Toshkent bojxona kollejida, O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lgan. Madlen Olbraytning O‘zbekiston safari 19 aprel kuni yakuniga yetgan. AQShning boshqa hech bir davlat kotibi O‘zbekistonda bu qadar uzoq muddat mehmon bo‘lmagan.

Uchinchi tashrif: Kolin Pauell

AQSh tarixidagi ilk qora tanli davlat kotibi Kolin Pauell 2001 yil 7 dekabr kuni O‘zbekistonga «mamlakatimizning xalqaro koalitsiyani qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tashakkur izhor etish uchun keldi». Ushbu uchrashuv AQShdagi 2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng, Afg‘onistonda terrorchilarga qarshi boshlangan urush ayni avj pallasiga chiqqan vaqtda bo‘lib o‘tgan edi.

Pauell 8 dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va mudofaa vaziri Qodir G‘ulomov bilan uchrashgan. Shuningdek, prezident Islom Karimovning qabulida bo‘lib, unga AQSh prezidenti Jorj Bushning tabrigi, salomi va Vashingtonda uchrashish umidi bildirilgan maktubini topshirgan. Uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Islom Karimov O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘lab turuvchi Hayraton ko‘prigi to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng ochilishini ma’lum qilgan, davlat kotibi Pauell esa buning alohida minnatdorchilik bildirgan.

«Matbuot anjumanida shu kunlarda ko‘p uchrayotgan bir savolga aniq javob qaytarildi. Ma’lumki, ko‘pgina kuzatuvchilar, siyosiy sharhlovchilar AQShning O‘zbekiston yoki boshqa biror mamlakat bilan munosabatlari vaqtincha yaxshilangani, aksilterror operatsiyasi nihoyalangach, bu iliqlik barham topishini aytmoqda. Shu bois ta’kidlandiki, O‘zbekiston — AQSh hamkorlik aloqalari ikki mamlakat manfaatlariga mos tarzda uzoq muddatli asosga qurilmoqda. 11 sentabrdan so‘ng o‘zgarayotgan munosabatlar taktikaviy zarurat emas, hayot taqozosidir», deyiladi «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilingan O‘zA axborotida.

«Xalq so‘zi» gazetasining 2001 yil 11 dekabr sonidan«Xalq so‘zi» gazetasining 2001 yil 11 dekabr sonidan

Kolin Pauell tashrifi oxirida O‘zbekistonda demokratiya tamoyillariga asoslangan fuqarolik jamiyatini barpo etish ishiga ko‘maklashishni maqsad qilgan «Toshkent ijtimoiy ma’rifat markazi» nodavlat notijorat tashkilotiga tashrif buyurgan. «Kolin Pauell bu yerga yig‘ilgan maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilar bilan fuqarolar ongiga demokratiya tamoyillarini singdirish va bu tamoyillarga amal qilib yashashning ahamiyati to‘g‘risida suhbatlashdi», deya xabar bergan «Xalq so‘zi» gazetasi.

To‘rtinchi tashrif: Hillari Klinton

1997 yili AQSh birinchi xonimi sifatida Toshkent, Samarqand va Buxoroga sayohat qilgan Hillari Klinton 2010 yilning 2 dekabr kuni AQSh davlat kotibi lavozimida ikkinchi marta O‘zbekistonga keldi. Bu AQSh davlat kotibining O‘zbekistonga salkam 10 yildagi ilk tashrifi edi: avvalgisi bevosita Afg‘onistonga kirib borayotgan AQSh boshliq koalitsiya kuchlarini ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lsa, bu galgisi, ko‘p jihatdan, Afg‘onistondagi o‘sha kuch va vositalarni olib chiqish bilan aloqador edi.

Hillari Klinton Toshkent aeroportida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tomonidan kutib olingan. Foto: Anvar Ilyasov / Associated PressHillari Klinton Toshkent aeroportida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tomonidan kutib olingan. Foto: Anvar Ilyasov / Associated Press

Tashrif davomida u prezident Islom Karimov bilan uchrashgan. Uchrashuvda Karimov O‘zbekiston AQSh bilan qaror topgan munosabatlarni yuksak qadrlashini, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik «izchil rivojlanib, mazmunan boyib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlagan». Hillari Klinton esa «samimiy so‘zlar va tomonlarni qiziqtirgan muhim masalalarni muhokama qilish borasida yaratilgan imkoniyat uchun» Islom Karimovga minnatdorchilik bildirgan.

Klinton xonim shu kunning o‘zida O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov bilan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan, AQSh elchixonasida esa O‘zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashgan. So‘ng Bahraynga uchib ketgan.

Beshinchi tashrif: Hillari Klinton

Oradan qariyb bir yil o‘tib, 2011 yilning 22 oktabr kuni AQSh davlat kotibi Hillari Klinton yana O‘zbekistonga kelgan. Bu safar uni Toshkent aeroportida tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev va uning birinchi o‘rinbosari Abdulaziz Komilov kutib olgan.

ақш - ўзбекистон, ақш davlat kotibi, жон керри, ислом каримов, колин паuэлл, шавкат мирзиёев, энтони блинкен, ҳиллари клинтон

U shu kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgan. Uchrashuvda Karimov prezident Baraka Obamaning O‘zbekiston va AQSh o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishi lozim, degan fikrini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

«Xalq so‘zi» gazetasining 2011 yil 25 oktabr sonidan«Xalq so‘zi» gazetasining 2011 yil 25 oktabr sonidan

«Amerika ma’muriyatining yuqori martabali vakili O‘zbekiston mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida konstruktiv siyosat olib borayotganini va bu hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini qayd etdi… Hillari Klinton Afg‘oniston muammosini hal etish hamda Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi yo‘lida O‘zbekiston ko‘rsatayotgan katta yordam uchun prezident Islom Karimovga AQShning minnatdorligini izhor etdi», deya uchrashuv haqida xabar bergan O‘zA.


O‘zAning qo‘shimcha qilishicha, Hillari Klinton 23 fevral kuni Toshkentdagi Ayollar salomatligi markazida va Toshkent viloyatidagi General Motors Powertrain — Uzbekistan zavodida bo‘lgan.

Oltinchi tashrif: Jon Kerri

Foto: Brendan Smialowski / Reuters / ScanpixFoto: Brendan Smialowski / Reuters / Scanpix

2015 yilning oktabr-noyabrida AQSh davlat kotibi Jon Kerri Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonda bo‘ladi — bu Amerika tashqi siyosat idorasi rahbarining bir safar doirasida Markaziy Osiyoning besh respublikasiga qilgan ilk tashrifi edi. U 1 noyabr kuni AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlari vazirlarining yangi formatdagi «C5+1» konferensiyasida ishtirok etish uchun Samarqandga keladi — uni aeroportda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan birga, yog‘ingarchilik bo‘layotganiga qaramay, shaxsan prezident Islom Karimov kutib oladi.

Foto: Brendan Smialowski / Reuters / ScanpixFoto: Brendan Smialowski / Reuters / Scanpix

Shundan so‘ng Karimov amerikalik mehmonni Samarqanddagi Forumlar majmuasida qabul qilgan. «Uchrashuvda mintaqaviy dolzarb muammolar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Afg‘onistondagi vaziyat, xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. AQSh davlat kotibi samimiy qabul uchun O‘zbekiston prezidentiga chuqur minnatdorlik izhor qilib, AQSh rahbariyati ikki mamlakat manfaatlariga asoslangan munosabatlarni izchil rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi», deyiladi O‘zA axborotida.

Foto: Brendan Smialowski / Agence France-Presse — Getty ImagesFoto: Brendan Smialowski / Agence France-Presse — Getty Images

Tashrif davomida Jon Kerri Registon maydonida sayr qilgan.

Yettinchi tashrif: Maykl Pompeo

Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo «Markaziy Osiyo — AQSh» («C5+1») shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun 2020 yilning 2 fevral kuni Toshkentga kelgan. Uni Toshkent aeroportida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kutib olgan. U shu kunning o‘zida o‘zbekistonlik diniy faollar bilan uchrashgan.

Foto: Twitter / @SecPompeoFoto: Twitter / @SecPompeo

U 3 fevral kuni tashqi ishlar vaziri Komilov va prezident Mirziyoyev bilan uchrashgan (ushbu uchrashuvlarda u O‘zbekistonning inson huquqlari masalasida o‘sishga erishganini AQSh tan olishini ta’kidlagan), Markaziy Osiyo vazirlari bilan uchrashuvda qatnashgan.

Foto: Twitter / @SecPompeoFoto: Twitter / @SecPompeo

Tashrif yakuniga yetgach, u Twitter’dagi sahifasida shunday yozuv qoldirgan edi: «AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni bosqichma-bosqich mustahkamlab borish yo‘lidagi yetakchiligingiz uchun tashakkur. Men O‘zbekistonning erkinroq va ochiqroq jamiyat hamda hisobdorligi ortib borayotgan hukumat tashkil etish maqsad qilingan islohotlarga intilishini e’tirof etaman».

Ma’lumot o‘rnida

AQShda amaldagi yoki saylangan davlat rahbari mehnat layoqatini yo‘qotganida, vafot etganida, lavozimidan iste’foga chiqqanida yoki chetlatilganida prezident lavozimini egallashi yoki uning vazifalarini bajarishi mumkin bo‘lgan amaldorlarning ketma-ketlik ro‘yxati mavjud (bunda prezidentlik kursini egallashi mumkin bo‘lgan amaldor AQShda tug‘ilgan, 35 yoshdan katta va so‘nggi 14 yil davomida AQShda yashagan bo‘lishi lozim). Bunday hollarda prezidentning o‘rnini vitse-prezident egallashi ko‘pchilikka ma’lum va tarixda bunday holatlar qayd etilgan ham.

Ammo amaldagi prezident bilan bir vaqtda vitse-prezident ham davlat rahbarining vazifalarini bajara olmaydigan bo‘lsa, u holda ushbu vakolatlar Vakillar palatasi spikeriga, u ham bajara olmaydigan bo‘lsa — AQSh Senatining muvaqqat prezidenti (raisi)ga, u ham bajara olmaydigan bo‘lsa — davlat kotibiga, u ham bajara olmaydigan bo‘lsa — moliya vaziriga, u ham bajara olmaydigan bo‘lsa — mudofaa vaziriga o‘tadi (va bu jarayon kamida yana 10 ta bosqichgacha davom etishi mumkin).

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonga nafaqat AQSh prezidenti, balki vitse-prezidenti va parlamenti rahbarlari ham tashrif buyurmagan (qayd etish joiz, 1993 yili AQSh vitse-prezidenti El Gor Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bo‘lgan). Shu vaqtgacha O‘zbekistonga kelgan amerikalik amaldorlar orasida eng yuqori martabalilari AQSh davlat kotiblaridir.

1992 yildan beri AQSh davlat kotiblari 10 marta o‘zgargan bo‘lsa (vaqtinchalik vazifasini bajaruvchi maqomida ishlagan kotiblar hisobga olinmasa), ulardan Lourens Iglburger, Kristofer Uorren, Kondoliza Rays va Reks Tillerson O‘zbekistonga kelmagan (Kristofer Uorren yillarda Qozog‘istonda, Kondoliza Rays esa 2005−2008 yillarda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda bo‘lgan).

Prezidentlik kursisini egallashi mumkin bo‘lgan amaldorlar ketma-ketligida beshinchi hisoblanuvchi AQSh moliya vazirlaridan Pol O’Nil 2002 yil iyulida Toshkentga kelib, prezident Karimov bilan uchrashgan. Ketma-ketlikda oltinchi hisoblangan AQSh mudofaa vazirlari esa 1995, 2001 (ikki marta), 2004 yilda O‘zbekistonda bo‘lgan. 2020 yilda AQSh mudofaa vaziri Mark Esper O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilgan edi, ammo tashrif koronavirus pandemiyasi sabab bekor qilingan.