«Mushtum» jurnali 100 yoshga to‘lishi munosabati bilan «Gazeta.uz» 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni takror chiqarishga qaror qildi. Turkumning avvalgi materiali 28 fevral kuni berilgan. Navbatdagi material — Fozil Zohidov tomonidan 1974 yilda yozilgan «Kuyov monologi»dir.

Shunday qilib, men uylanadigan bo‘ldim. Nimasini aytasiz: quyosh desa ko‘zi bor, oy desa yuzi bor. Ajoyib bir jonon! Qani shoir bo‘lsam, uning suluv jamolini, qaddi-qomatini, shahlo ko‘zlarini-yu kamondek qoshlarini sizga ta’riflab bersam. Ana husn, ana malohat! Gulmisan, bulbulmisan, sunbulmisan, rayhonmisan? Ana shunday barno menga qalliq bo‘lishidan shodligim ichimga sig‘may qoldi.

Uning go‘zal hislatlarini ayting: aqlu farosat, iffat-hayo, chevarlik, kamtarlik, xullasi kalom, inson zotida bo‘ladigan jamiki yaxshi fazilatlarning hammasi bizning bo‘lg‘usi hamxonamizda, ya’ni sevikli rafiqamiz Nafisaxonda to‘la mujassam.

Mana, to‘y ham yaqin qolyapti. Nafisaxon bilan zimdan uchrashib, gapni bir joyga qo‘ydik. Kelinposhshaning o‘z hisobi bor ekan: u to‘yning o‘n to‘qqiz kundan keyin o‘tkazilishiga rozi bo‘ldi. Biz, kuyov to‘radan gap so‘rasangiz, shu shanbadayoq to‘y bo‘lgani ma’qul edi. Mayli, Nafisaxonning aytgani bo‘lsin. Biz bechora nima ham qilardik, kutaqolamiz-da. Ertaga sovchilar yo‘lga ravona bo‘lishadi. Undan keyin… Undan keyin to‘y bo‘ladi. Undan keyin-chi? Undan keyin nima bo‘lishini Nafisaxon bilan ikkalamiz bilamiz. Nima bo‘lardi, shirin visol damlari, yangi oilada totli turmush boshlanadi.

…Uf! Uff! Ufff!!!

Gap-so‘zlarga qaraganda, men o‘z olijanob maqsadimga yaqin orada erisha olmasam kerak. Chuchvarani xom sanab yurgan ekanman. Uff!

— Qiz bola mol emas! «Ha» deganga «ma!» deb beraveradigan qizimiz yo‘q! Aytganlarimizdan biror narsa kam bo‘lsa, bu eshikka yaqin yo‘lamang. To‘y bo‘lmaydi, vassalom!

Bu keskin javobni Nafisaxonning oyisi, buvisi, ammo-xolalari aytishibdi. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi.

Uyga kelsam, g‘ala-g‘ovur. Nima balo, adashib magazinga kiribmanmi? Turli-tuman matolar, kiyim-kechak, latta-lutta. Qarindosh-urug‘ yig‘ilibdi. Bahs-munozara. Hammasiga sababchi — men. «Uylanmay o‘l!» dedim ichimda o‘zimga-o‘zim.

Nihoyat, qudalar buyurgan narsalardan nimalar muhayyo ekan-u, endi nimalar qolganligi bilan qiziqdim. Boshim aylanib, ko‘z oldim qorong‘ilashdi. Tayyorlab sandiqqa joylaganimizni aytib o‘tirmayman. Lekin to‘y bo‘lishi uchun yana nimalar kerakligini aytaman. Ehtimol, sizlar, yordamlasharsiz, azizlar.

Ol endi, ro‘yxatning qolgan qismidan boshladim: ikki yuz metr duxoba (guldor xilidan), o‘ttiz kiyimlik atlas (qimmatbaho turidan), erkak va ayollarniki bo‘lib jami o‘ttizta kostyum (importniy), uchta tillo soat, uchta tillo uzuk, o‘nta jun ro‘mol, ipak va ip gazmollarning hammasini qo‘shganda uch yuz ellik metr gazlama, to‘rt ming so‘m naqd pul va hokazo. Bundan taqshari, «Non sindirar», «Eshik ochar», «Qozon to‘yi» kabi marosimlarga qo‘limizdan kelsa novvos, bo‘lmasa katta qo‘chqorlardan yetaklab borarkanmiz.

Matematikadan no‘noqroq bo‘lsam ham, to‘rt amalni yaxshi bilaman. Narx-navodan ancha-muncha xabarim bor. Qo‘limga daftar-qalam olib, hisoblay boshladim. Chiqdi. Nima chiqdi deysizmi? Uylanishga sarf bo‘ladigan pulning hisobi chiqdi. Miqdorini aytmay qo‘yaqolay, qo‘rqib ketasiz. Faqat bir narsani aytishim mumkin: hozir men yigirma besh yoshdaman. Sovxozda mexanizatorman, maoshim tuzuk. Tejamkorlik bilan jamg‘arib borsam, buncha pulni to‘plash uchun yana o‘n to‘qqiz yil-u to‘qqiz oy kerak ekan. Yigirma beshga o‘n to‘qqizni qo‘shsak, qirq to‘rt bo‘ladi. Demak, qirq besh yoshga qadam qo‘ygan chog‘imda nikoh to‘yimiz bo‘larkan. Shungacha keliningizning yoshi ham bir joyga borib qoladi, ya’ni qirq uch yoshga kiradilar.

Xo‘sh, nima qilsam ekan? Bo‘ydoq o‘taymi? Yo‘q. Qarz olsammikin? Olmayman. Kutsammikin? Yo‘q! O‘n to‘qqiz yil emas, balki o‘n to‘qqiz kun ham to‘yning kechikishiga toqatim yo‘q. Boshim qotdi. Kim menga yordam berarkin? To‘yni tezlatmoq uchun menda faqat bittagina yordamchi bor. U ham bo‘lsa: Nafisaxon! Qaydasan, Nafisa? Yonimga kel, yordam ber, sevgilim!

O‘zing kelib, chek qo‘ygil —
Bu bahsga, Nafisa!
Kel, va’dangga vafo qil,
Yur ZAGSga, Nafisa!

Fozil Zohidov,
«Mushtum» jurnali, 1974 yil, 12-son