«Mushtum» jurnali 100 yoshga to‘lishi munosabati bilan «Gazeta.uz» 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni takror chiqarishga qaror qildi. Turkumning avvalgi materiali 27 fevral kuni berilgan. Navbatdagi material — 1955 yili 2000 yildagi avlodga yozilgan «Kelajakka maktub»; xat muallifi — 1947 yili «xalq dushmani» sifatida qatag‘onga uchragan, Stalin vafotidan so‘ng oqlangan, 1980 yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi, 1999 yili esa O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan Said Ahmad.

Kelajakka maktub

2000 yildagi yozuvchi chevaramga vasiyat

Ey, mening hali tug‘ilmagan o‘g‘limning nevarasi. Nazarimda, sen 1985 yillarda tug‘ilishing kerak. Yilnomamiz roppa-rosa 2000 raqamini ko‘rsatib turgan kun sen yetti yillik maktabni tugatgan bo‘lasan. Agar meditsina fani shu ketishda o‘saversa, sen bilan yuz ko‘rishishimga aminman. Mabodo yuz ko‘risholmay qolsak, quyidagi ola-quroq vasiyatnomamni arxivdan topib o‘qi!

«Toshkent taksomotor parkida bir necha yuz „Pobeda“ mashinasi bor. Shu mashinalar kechqurun ishdan kelganda moyana olib ishlaydigan besh kishining qo‘lidan o‘tadi. Mashina yuvadigan kishi har qaysi shofyordan 3 so‘mdan, ya’ni bir kunda 300 kishidan 900 so‘m, mashinani chetga olib qo‘yadigan kishi 5 so‘mdan 1500 so‘m, g‘ildirakni kaltak bilan uzoqdan turib urib qo‘yadigan kishi 2 so‘mdan 600 so‘m, putyovka qabul qiladigan kishi 3 so‘mdan 900 so‘m, navbatchi mexanik 3 so‘mdan 900, kassir 1 so‘mdan 300 so‘m oladi».

Hali dadasi va otasi ham dunyoga kelmagan chevaram. Bobongning bu satrlarini o‘qib ajablanma! Sen yashaydigan davrda bunaqa narsalar go‘yo muzeyda paranji ko‘rib qolish bilan barobar ekanligini yaxshi bilaman. Biz ham muzeyda bundan necha ming-ming yillar avval yashagan ixtiozavr, dinozavr degan hayvonlarning to‘pig‘i, qoburg‘alarini ko‘rganimizda shunaqa ajablangan edik. Ha, sen sira ajablanma, bobongning bitta-yarimta muzeybop o‘rtoqlari ham bo‘lgan. Mana bu satrlarni o‘qisang, bobongning nima deb javrayotganini darrov tushunasan.

Toshkent aholisiga xizmat qilayotgan nihoyatda ko‘rkam va so‘nggi texnika bilan jihozlangan 10 ta «ZIM» mashinasidagi, masalan: 70−01, 70−02, 70−03 nomerli mashinalardagi qimmatbaho radiopriyomniklarni O‘zbekiston SSR Avtomobil transporti va Toshyo‘llar ministri o‘rtoq Strelsov, uning o‘rinbosarlari Otroshenko, Xo‘jayev va Boboxonov hamda taksomotor parkining direktori Zdraykovskayalar o‘z mashinalariga o‘rnatib oldilar…

Bobom qarib miyasi achib qolgan, og‘ziga kelganini qaytarmay aljiyapti deb o‘ylama. Oramizda bitta-yarimta shunaqa, yomon yaradek bema’ni odamlar bo‘lgan. Xullas, sen tug‘ilguncha ana shunday oltinchi barmoqdek ortiqcha kishilarni oramizda qoldirmaslikka so‘z beramiz, bu ishga astoydil bel bog‘ladik. Xotirjam tug‘ilaver, bo‘tam! Quloq sol, yana bir gap aytib qo‘yay:

«…Voditel Burdyakov taksomotorni atayin buzib qo‘yib, yo‘lovchilardan ortiqcha haq olganda qo‘lga tushib qolgan edi. Zdraykovskaya Burdyakovni sudga berish o‘rniga uni bosh mexanik qilib qo‘ydi. U 6 oy mashina haydash huquqidan mahrum qilingan bo‘lishiga qaramay, o‘z amali va direktorga erkaligidan foydalanib, kechalari „ZIM“ mashinalarining taksomotorlarini atayin olib qo‘yib, tong otguncha kirakashlik qilib yuradi…»

Yana taksomotor parki. Motor va g‘ildiraklari talon-toroj qilingan 25 ta yangi «Pobeda» mashina oftobda oqarib yotibdi. Direktor kabinetida muzika sadolari yangramoqda. Direktori ko‘zini chirt yumib, qo‘lbola cholg‘uchilarning almoyi-aljoyi kuylari maqomiga tebranmoqda. Navbatchi mexanik oyoq uchib yurib, direktor kabinetiga keladi.

— Margarita Ivanovna! Yangi mashinalar oftobda oqarib ketdi, chetga olib qo‘yishga buyruq bersangiz.

— Qo‘ying munaqa gaplarni, kayfimni buzmang, jonga tegdi bu mashinalar. Yaxshisi, siz ham o‘tirib, muzika eshiting…

Shu gaplarga ishonsang ham, ishonmasang ham o‘zing bilasan. Negadir hali tug‘ilmagan bo‘lishingga qaramay, qobiliyatingga qarab yozuvchi bo‘ladi, degan fikrdaman. Mayli, yozuvchi bo‘l. Romanlar yozasan, albatta, tarixiy roman yoz! O‘sha tarixiy romaningda Toshkent taksomotor parkini alohida qayd qilib o‘t. Bu haqda senga 44 yil avval hujjatlar tayyorlab qo‘yyapman. Ma’qul bo‘lsa romanni shunday boshla:

«…Toshkentning obodo va serqatnov ko‘chalaridan shaxmatnusxa taksi mashinalari uyoqdan buyoqqa o‘tib turipti. Serhasham «ZIM» mashinasi oldida janjal-to‘polon. Shofyor bir yo‘lovchi bilan talashmoqda.

— «ZIM» mashinasi bir kilometrga 2 so‘m oladi. 3 kilometr yurdingiz, 6 so‘m to‘lang!

Yo‘lovchi o‘jarlik qilib, 6 so‘m o‘rniga 4 so‘m 50 tiyin tashladi.

— O‘rtoq yo‘lovchi, «Pobeda» mashinasi 1 so‘mdan oladi. Axir biz 2 so‘mdan olamiz. Gapga tushunasizmi-yo‘qmi?

— Mashinangizda radiopriyomnik yo‘q. O‘rindiqlarda g‘ilof yo‘q. Buning uchun ham sizga «Pobeda» bahosida haq to‘layman.

Bu ishga militsioner aralashdi.

— O‘rtoq militsioner! Bu kishiga tushuntiring!

— O‘zim tushungan odamman, tushuntirishning hojati yo‘q. Radiopriyomnik ministr hamda o‘rinbosarlarining mashinasida ekan. Qolgan bir yarim kira haqini o‘shalar to‘lab qo‘ysinlar.

Bu haqli da’vo oldida shofyor ham, militsioner ham bir nima deyolmay qoldi. Yo‘lovchi o‘z yo‘liga ketaverdi…

… Toshkentning Eski Jo‘va maydoni. Molbozor kuni. Shaharning hamma burchagidagi taksi mashinalari shu yerga to‘plangan… «Pobeda»larning oppoq o‘rindiqlarida qo‘y-qo‘zilar bir-biriga suykalishib Chuqursoy bozoriga ma’rab qatnab turishipti…

… Dam olish kun. Yana o‘sha Eski Jo‘va maydoni. Chayqov bozoriga qatnab turgan taksi mashinalariga odam sig‘maydi. Masofasi bir kilometr-u 150 metr bo‘lgan joyga shofyorlar 2 so‘m o‘rniga 12 so‘mdan sanab olib turiptilar…"

Hurmatli chevaram! Qolganini o‘zing kelishtirib yoz! Boshqa gaplarni keyingi xatimda aytaman. Bizdan va biz yashayotgan davrning eng yaxshi kishilaridan ulug‘ jamiyatning grajdanlariga salom ayt!

Salom bilan bobong: Said Ahmad.
«Mushtum» jurnalining 1955 yil oktabr soni.