24 fevral kuni poytaxtdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Savdo-sanoat palatasi xabariga ko‘ra, tadbirda To‘ra Bobolov palata raisining birinchi o‘rinbosari va O‘zbekiston tomoni ishbilarmonlar kengashi hamraisi sifatida ishtirok etgan.

Shuningdek, tadbirda Ozarbayjon Tadbirkorlar (ish beruvchilar) tashkilotlari milliy konfederatsiyasi prezidenti va ishbilarmonlar kengashi Ozarbayjon tomoni hamraisi Vugar Zeynalov, turli vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar vakillari qatnashgan.

savdo-sanoat palatasi, тўра боболов

Foto: Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati

«Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston-Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘ldi», — deyiladi SSP axborotida.

Ta’kidlanishicha, To‘ra Bobolov o‘z nutqida so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik va savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib, o‘zaro savdo hamda qo‘shma biznes loyihalar soni o‘sib borayotganini qayd etgan.

savdo-sanoat palatasi, тўра боболов

Foto: Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati

«2022 yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 243 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 86 tasi qo‘shma va 157 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ularning aksariyat qismi mashinasozlik va metallni qayta ishlash, energetika, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmog‘i, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va ta’mirlash, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk operatsiyalari, xizmat ko‘rsatish, savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi», — deya xabar bermoqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

Ma’lumot o‘rnida, To‘ra Bobolov 2019 yilning may oyida Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Bobolov 2020 yil yanvarida viloyat hokimi lavozimiga rasman tasdiqlangan. 2022 yilning dekabrida boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan.

2022 yil avgust oyida To‘ra Bobolov Angor tumani prokurorini haqorat qilgani aks etgan audio tarqalgandi. Unda hokim prokurorga vazifalarini bajarmagani, qolaversa, tashkilotlarga nisbatan jinoyat ishi ochgani uchun tanbeh bergan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi va Bosh prokuratura munosabat bildirgandi.

sentabr oyida esa prezident viloyat hokimini ishdan bo‘shatishi haqida gapirgandi. Davlat rahbari Angor tumani prokurori bilan bo‘lgan suhbatini ham eslab o‘tgan. «Charchagan bo‘lsang, seni ham ishdan olaman», — degan o‘shanda Shavkat Mirziyoyev.

Oy oxirida esa To‘ra Bobolov prezident qarori bilan o‘zgalarni haqorat qilgani, hokimlarga qo‘yilgan talablarni bajarmagani va faoliyatini davlat siyosatiga mos ravishda tashkil etmagani uchun jarimaga tortilgandi.