Qoraqalpog‘istondagi ayrim maktablarda o‘quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati.

Kenges raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan Kegeyli tumanidagi 1, 8, 19 va 55-sonli umumta’lim maktablaridagi o‘rganish ishlari davomida qo‘pol xato va kamchiliklar aniqlandi.

Xususan, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me’yorga javob bermasligi, shuningdek, ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani, issiq choy bilan ta’minlash uchun esa sharoit to‘liq yaratilmagani ma’lum bo‘ldi.

жўқорғи кенгес, қорақалпоғистон

«Eng achinarlisi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati o‘rganilganda olma sharbati iste’molga yaroqsiz ekani, bundan tashqari, qadoqlangan mahsulotlar zararkunandalar bilan zararlangani aniqlandi. Qolaversa, mahsulotlar maxsus avtomashinalarda emas, yo‘lovchi transportida yetkazib berilgan, turli maktablarda kundalik oziq-ovqat sifatini nazorat qiluvchi komissiya tarkibi tuzilmagan», — deyiladi xabarda.

Hozirda o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora ko‘rish bo‘yicha tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda.

«Aytish joizki, bolalarning ovqatlanishi talablari bajarilishi yuzasidan respublikamizning barcha maktablarida o‘quv-tarbiya ishlari olib borilib, maktab direktorlari va aybdorlarga qattiq jazo choralari ko‘rilmoqda», — deyiladi xabarda.

жўқорғи кенгес, қорақалпоғистон

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berish jarayoni prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra 2022 yilning fevral oyida boshlangandi. Bunda 2022 yil uchun mahalliy budjetdan 200 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Noyabr oyida Xorazmning deyarli barcha maktablarida bepul tushlik tarqatilayotgani, Qoraqalpog‘istonda esa bu amaliyot hali boshlanmagani xabar qilingandi.