Rossiya Ukraina yerlarida urush boshlaganining birinchi yilida rus armiyasining 15 136 nafar vakili halok bo‘ldi. Bu raqamni ochiq ma’lumotlarga asoslangan holda Mediazona jurnalistlari va BBC rus xizmati ko‘ngillilar jamoasi birgalikda tasdiqladi, deb xabar bermoqda Meduza.

Halok bo‘lganlar orasida 1200 dan ortiq safarbar qilingan, 1300 dan ortiq mahbus, 1800 dan ortiq ofitser, shuningdek, 199 nafar oliy unvonli ofitser — podpolkovnik, polkovnik va generallar bor.

Mediazona ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya urushning birinchi yilida yo‘qotgan odamlar soni Afg‘on urushi davridagi Sovet Ittifoqi yo‘qotgan odamlarning rasmiy soni — 15 051 dan ko‘proqdir.

Urushda halok bo‘lgan rossiyaliklarning ism-shariflari ro‘yxatini tuzgan jurnalistlar qurbonlarning haqiqiy soni ancha yuqori ekanini ta’kidlamoqda. Chunki bunda faqat ommaga e’lon qilingan va rasman tasdiqlangan holatlar hisobga olingan.

Rossiya Mudofaa vazirligi urush paytida 3 marta, oxirgi marta 2022 yil sentabr oyida yo‘qotishlar haqida xabar bergandi. Unda Rossiya tomoni 5937 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini bildirgan.

Rossiyaning yo‘qotishlarini har kuni hisoblab chiquvchi Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevral holatiga 146 820 rossiyalik halok bo‘lgan.