Turkiyada sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalardan so‘ng O‘zbekiston aholisida mamlakatda ham shunday kuchli zilzilalar sodir bo‘lishi mumkinmi, degan savol paydo bo‘ldi. Ayrim Telegram kanallar aholining qo‘rquvidan foydalanib, Toshkentda dahshatli zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqida postlar tarqata bolshladi.

Hozircha hech qaysi davlatda zilzilani yuqori aniqlik bilan bashorat qilishning imkoni yo‘q. Biroq, mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda buning ustidagi ishlar davom ettirilmoqda. O‘nlab yillardan beri seysmik faollik prognozlari har hafta tuzilib, mas’ul idoralarga taqdim etib kelinmoqda. Tarixda O‘zbekiston olimlari zilzilalarni muvaffaqiyatli bashorat qilgan bir necha holatlar bo‘lgan. Nima uchun barcha zilzilalarni oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi? «Gazeta.uz» Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti mutaxassislari bilan shu haqida suhbatlashdi.

Zilzilalar nima uchun sodir bo‘ladi?

Seysmologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Roman Ibragimov Yer yarim suyuq mantiya ustida «suzuvchi» litosfera plitalari bilan qoplanganini tushuntirdi. Ushbu plitalarning harakati qattiq bosimni keltirib chiqaradi. Ushbu bosim bir-biriga tegib turgan jinslar chidamliligining eng yuqori darajasidan oshib ketganda, plitalar siljiydi. Bu vaqtda seysmik to‘lqinlar shaklida energiya yuzaga chiqadi. Yer yuzasida bu zilzila bo‘lib seziladi.

zilzila, роман ибрагимов, сейсмология instituti, қахарбай абдuллабеков

Roman Ibragimov. Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Zamonaviy litosfera sakkizta katta va ko‘plab kichik plitalardan iborat. Katta plitalarning tutashadigan joylari kuchli zilzilalarning aksariyati sodir bo‘ladigan seysmik faol kamarlarni hosil qiladi. Qizig‘i shundaki, sayyoradagi eng kuchli zilzilalarning 80% dan ortig‘i Tinch okeani seysmik kamarlarining birida sodir bo‘ladi. O‘zbekiston Hindiston va Arabiston plitalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan Yevroosiyo plitasida joylashgan.

O‘zbekiston hududida har kuni o‘nlab zilzilalar sodir bo‘ladi, lekin odamlar buni sezmaydilar — zilzilalarni faqat maxsus texnika his qila oladi. Ammo yer yuzida 5−6 ballik darajadagi silkinishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzilalar mamlakatda o‘rtacha yiliga bir marta sodir bo‘ladi, dedi Roman Ibragimov.

Seysmik monitoring

Seysmik faolliklar seysmik stansiyalar tomonidan qayd etiladi. O‘zbekiston hududida ularning soni 50 ga yaqin bo‘lib, ushbu stansiyalar global seysmik stansiyalar tarmog‘iga kiradi va bu mamlakat mutaxassislariga real vaqt rejimida dunyodagi barcha zilzilalar haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

zilzila, роман ибрагимов, сейсмология instituti, қахарбай абдuллабеков

Zilzila paytida uning o‘chog‘ida ajralib chiqadigan energiya Rixter shkalasi bo‘yicha 1 dan 9,5 gacha bo‘lgan magnitudalarda o‘lchanadi (ballarda emas). Ballarda esa Yer yuzasidagi silkinishning intensivligi (kuchliligi) o‘lchanadi. Bu yerosti silkinishlarining tashqi alomatlari — binolarga, odamlarga va boshqalarga ta’sir qilish darajasi bilan bog‘liq. Qurilmalardan tashqari, nafaqat mutaxassislar, balki oddiy aholi ham o‘z sezgilari orqali intensivlikni aniqlay olishadi.

Zilzilaning intensivligi faqat epimarkazning kattaligi va chuqurligiga bog‘liq emas, deydi Seysmologiya instituti maydonlarning geofizik o‘zgarishlari laboratoriyasi mudiri Qaxarbay Abdullabekov. Tuproqning turi va holati, hududning geologik xususiyatlari ham intensivlikka ta’sir qiladi.

zilzila, роман ибрагимов, сейсмология instituti, қахарбай абдuллабеков

Qaxarbay Abdullabekov. Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Zilzila prognozlari

Seysmologiya instituti seysmik faollikni kuzatishdan tashqari zilzilani bashorat qilish bilan ham shug‘ullanadi. Seysmik rejimning uzoq muddatli xususiyatlari, ya’ni turli magnitudali zilzilaning vaqt va makon bo‘yicha taqsimlanishi o‘rganiladi.

Roman Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum bir magnitudadagi har bir zilzilaga magnitudasi pastroq bo‘lgan zilzilalarning qat’iy belgilangan miqdori to‘g‘ri keladi. Seysmologiyadagi bu nisbat Guttenberg-Rixter qonunida tavsiflangan. Normadan chetga chiqish anomaliya deb hisoblanadi.

«Anomaliyalar — seysmik sukunat va faollashuv bo‘lib, unda kuchsiz zilzilalar soni keskin kamayib, yoki aksincha, ortib boradi va turli magnitudali zilzilalar o‘rtasidagi nisbat ham o‘zgaradi», — deb tushuntirdi Roman Ibragimov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, institut mutaxassislari hozirgi seysmologik vaziyatni allaqachon sodir bo‘lgan zilzilalargacha bo‘lgan holat bilan solishtirib, bashorat qilishga harakat qilmoqda.

Bugungi kunda olimlar zilzila parametrlari va uning alomatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni bilishadi. Zilzila qanchalik kuchli bo‘lsa, tayyorgarlik ko‘rish shunchalik ko‘p vaqt talab etadi va uni qamrab oladigan maydon shunchalik katta bo‘ladi. Shunga asoslanib, zilzila sodir bo‘lishini bashorat qilish mumkin.

Mutaxassislar prognozlarning uch turini sanab o‘tishdi: uzoq muddatli (o‘nlab yillarga mo‘ljallangan), o‘rta muddatli (bir necha oydan ikki yoki uch yilgacha) va qisqa muddatli (bir necha soatdan bir oygacha).

Uzoq muddatli prognozlar GPS va geodeziya ma’lumotlari yordamida aniqlanadigan yer yuzasining seysmik rejimi va deformatsiyasi haqidagi ma’lumotlar asosida tuziladi. O‘rta va qisqa muddatli prognozlarda Yerning magnit maydoni va yerosti suvlarining gaz-kimyoviy tarkibi tahlil qilinadi. Biroq, bugungi kunda dunyoda 100 foizlik prognozlash usullari mavjud emas, deydi mutaxassislar.

«Agar biz ushbu prognozlarning muvaffaqiyati haqida gapiradigan bo‘lsak, butun dunyo bo‘ylab uzoq muddatli prognozlar to‘g‘ri bashoratlar bo‘yicha ko‘proq foizga ega. Zilzilagacha bo‘lgan vaqt oralig‘i qanchalik qisqa bo‘lsa, noaniqliklar soni ham shunchalik ko‘p bo‘ladi va zilzilani prognoz qilish masalasi shunchalik qiyinlashadi. Butun dunyoda faqatgina bir nechta qisqa muddatli prognozlargina muvaffaqiyatli bo‘ladi», — deydi Roman Ibragimov.

Institut bir necha zilzilalarni muvaffaqiyatli bashorat qilgan. Masalan, 1978 yilgi Oloy zilzilasi, 1982 va 1984 yillardagi Chimyon va Pop zilzilalari.

Nima uchun barcha zilzilalarni oldindan aytib bo‘lmaydi? Mutaxassislarning fikricha, zilzilalarni bashorat qilish xizmatini tashkil qilish uchun minglab stansiyalarni tashkil qilish kerak. 5 magnitudali zilzila uchun ular orasidagi masofa 30−40 km bo‘lishi kerak. Magnituda qancha katta bo‘lsa, stansiyalar orasidagi masofa ham shunchalik katta bo‘lishi kerak. Bu ancha qimmatga tushadi.

Institut mutaxassislari hayvonlarning nostandart xatti-harakatlari ham yaqinlashib kelayotgan zilzilaga ishora bo‘lishi mumkinligini, biroq faqat ularga tayanish noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlashdi.

«Zilzila alomatlari kuzatilgan, ammo zilzila sodir bo‘lmagan holatlar ham bo‘lgan. Yoki aksincha, zilzila sodir bo‘ladi, biroq undan oldin aniq xabar beruvchi alomatlar bo‘lmaydi», — dedi Roman Ibragimov.

Institut seysmik rayonlashtirish xaritalarini ham tuzadi. Ular mamlakatning har bir qismida kuzatilishi mumkin bo‘lgan maksimal ballni ko‘rsatadi. Ushbu xaritalar asosida qurilish normalari va qoidalari tuziladi.

O‘zbekistonda seysmik vaziyatni baholash va kelajakdagi seysmik vaziyatni prognoz qilish bo‘yicha idoralararo ekspertlar komissiyasi faoliyat yuritmoqda. U har hafta ma’lumotlarni tahlil qilib, 5 balldan ortiq zilzila sodir bo‘lish ehtimoli bo‘yicha qaror chiqaradi. Prognoz qilish komissiyasining xulosalari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga topshiriladi.

Turkiyadagi zilzila O‘zbekistonda seysmik faollikni keltirib chiqarishi mumkinmi?

Seysmologiya instituti olimlari o‘zbekistonliklarning qo‘rquvi asossiz ekanligini ta’kidladi.

«Turkiya va O‘zbekiston turli seysmik faol hududlarda joylashgan, — dedi Qaxarbay Abdullabekov. — Turkiyaning seysmikligi asosan Arabiston, Afrika va Yevroosiyo plitalarining o‘zaro ta’siri bilan belgilanadi. O‘zbekiston hududidagi seysmiklik ko‘p jihatdan Hindiston va Yevroosiyo plitalarining aloqasi bilan bog‘liq».

Qaxarbay Abdullabekovning so‘zlariga ko‘ra, bu plitalarning seysmik tutashuvi Afg‘oniston hududida joylashgan bo‘lib, u yerda chuqur fokusli zilzilalar tez-tez sodir bo‘ladi (o‘rtacha 130 km chuqurlikda). Biroq O‘zbekistonga bu seysmik faollikning faqat aks-sadolarigina yetib keladi.