Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi maktab yaqinida erkak 12 yoshli o‘quvchining qo‘lidan ushlab tortgani va bola undan qochib ketgani aks etgan video tarqalgandi.

Zoʻr TV telekanalining Bu kun dasturida ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida 1994 yilda tug‘ilgan erkak spirtli ichimlik iste’mol qilib, 2011 yilda tug‘ilgan bolani to‘xtatib, uni savol-javobga tutib, qo‘lidan qo‘yib yubormasdan, mayda bezorilik qilgan deb topildi.

«Shoshilib yugurib ketayotganida to‘xta, yiqilib tushasan, degan ma’noda to‘xtatdim. Yaxshi bola ekan, salom ham berdi. Qayerga ketyapsan desam, qiz o‘rtog‘imnikiga degan javob bo‘ldi, kulgim keldi. Sabrsizlik bilan qo‘limdan chiqishga harakat qildi, qolgan savolni berishga ulgurmasimdan, buyoqdan ovoz keldi. Keyin mayli onasining nazoratida ekan, qayergadir jo‘natgan, derazadan qarab o‘tiribdi ekan deb, ketdim», — dedi u.

Sud hukmiga ko‘ra, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.