Toshkentdagi shahar va tumanlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan 1063 ta tashkilotga (bolalar bog‘chasi, maktab, shifoxona, budjet tashkilotlari) quyosh batareyalarini o‘rnatish uchun 390 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Bu xalq deputatlari poytaxt kengashining 20 fevraldagi qarorida nazarda tutilgan.

Shuningdek, ushbu maqsadlar uchun respublika budjetidan poytaxtga ajratilgan ssuda hisobidan 11 ta tuman hokimligiga 7,46 mlrd so‘m, 13 ta tuman va shahar prokuraturasiga 6,98 mlrd so‘m, 16 ta ichki ishlar bo‘limiga 11,16 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Jami 40 ta tashkilotga 25,6 mlrd so‘m reja qilingan.

Ushbu xarajatlar Toshkent shahri mahalliy budjetining 2023−2024 yillarda shakllangan qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich qoplanishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi 584 ta mahallaning har biriga O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratishni tasdiqlagandi. Mablag‘lar infratuzilmani rivojlantirish va qattiq sovuqdan zarar ko‘rgan muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini ta’mirlashga yo‘naltirilishi aytilgan.

Prezident 16 fevral kuni 2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Hujjatda 1 maydan boshlab foydalanishga topshirilayotgan ko‘p qavatli turar joy binolari tomining bo‘sh qismining kamida 50 foiziga quyosh batareyalarini o‘rnatish talabi joriy etilgan.