Turkiya janubidagi Hatay viloyatida 20 fevral kuni 6,4 va 5,8 magnitudali yangi zilzilalar qayd etildi. Aynan shu hududda O‘zbekiston qutqaruvchilari ish olib bormoqda. «Gazeta.uz» ularning ahvoli to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar vazirligidan ma’lumot so‘radi.

Vazirlik matbuot kotibi Murod Sodiqovning ma’lum qilishicha, yangi zilzilalar oqibatida hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislarga zarar yetmagan.

«Qutqaruchilarimizning barchasi sog‘-salomat. Hataydagi yangi zilzilalar oqibatida hududda yana vayrongarchiliklar yuz bergan. Qutqaruvchilarimiz hozirda vayrongarchilik joylarida ish olib boryapti», — dedi FVV vakili.

Ma’lumot uchun, Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan yangi zilzilalar oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 294 kishi kasalxonaga yotqizildi, ulardan 18 nafarining ahvoli og‘ir. Bu haqda hukumat qoshidagi Tabiiy ofatlarni boshqarish va oldini olish boshqarmasi (AFAD) rahbari Yunus Sezer tvit qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni O‘zbekistondan ikkita samolyot tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun insonparvarlik yordami va 100 nafar qutqaruvchi guruhini eng og‘ir jabr ko‘rgan Adana va Gaziantep shaharlariga yetkazgan. Shundan buyon mutaxassislar qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.

O‘zbekiston TIV rahbari vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov zilziladan jabr ko‘rgan Hatay viloyatining etnik o‘zbeklar istiqomat qiladigan Ovakent qishlog‘iga 18 fevral kuni tashrif buyurgandi.