Nurdag‘i va Erzin shaharlari Turkiyaning janubi-sharqida bir-biridan 80 km uzoqlikda joylashgan. Ularning ikkalasi ham 6 fevral kuni Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan zilzila epitsentriga yaqin edi (bu Turkiyada 1939 yildan beri sodir bo‘lgan eng yirik zilzila bo‘ldi). Oqibatda Nurdag‘i butunlay vayron bo‘ldi va shaharni to‘liq qayta tiklashadi, Erzinda esa hech kim jabrlanmadi, birorta ham bino vayron bo‘lmadi. «Gazeta.uz» «Erzindagi mo‘’jiza» qanday sodir bo‘lgani haqidagi Meduza nashrida e’lon qilingan maqolaning tarjimasini e’tiboringizga havola etadi.

Turkiya hukumati aholining millionlab noqonuniy binolar qurganiga ko‘z yumdi. Mutaxassislar uzoq vaqtdan beri bunday amnistiya falokatga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirib kelishgan edi.

Erzin shahrini falokatdan nima qutqarganini tahlil qilishdan oldin, bir qadam orqaga chekinamiz va Turkiyaning so‘nggi o‘n yilliklardagi qurilish siyosati qanday ko‘rinish olganini tushunishib olishimiz kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 40,6 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan zilzila bunday keng ko‘lamli oqibatlarining sabablaridan biri, ko‘pchilik uylarning va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on davrida mamlakatda barpo etilgan boshqa binolarning (qurilish sifati zilzila qurbonlari sonini belgilovchi asosiy omil hisoblanadi) sifatsizligi deyilmoqda.

Respublikada haqiqiy «qurilish vasvasasi» 2000 yillar boshida Erdo‘g‘on boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasining hokimiyatga kelishi bilan sodir bo‘ldi. Turkiya Statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p zarar ko‘rgan o‘nta mintaqadagi binolarning taxminan 51 foizi 2001 yildan keyin qurilgan. E’tiborli jihati, Erdo‘g‘on davrida Turkiyada binolarning ruxsat etilgan maksimal balandligi 20 qavatdan 37 qavatga oshirilgan edi.

Shu bilan birga, respublikada partiya hokimiyati davrida sakkiz marta ro‘yxatga olinmagan qurilish ishlari uchun amnistiya e’lon qilingan. «Ovoz va pul uchun [noqonuniy qurilishni] kechirdingiz, ammo zilzila buni kechirmadi», — dedi hukumatni tanqid qiluvchi Sözcü gazetasi sharhlovchisi Erdog‘an Suzer.

Tarixdagi eng so‘nggi va eng yirik qurilish amnistiyasi 2018 yilning may oyida parlament va prezidentlik saylovlari oldidan e’lon qilingan edi. Hokimiyat qaroriga ko‘ra, 2017 yil 31 dekabrgacha qurilgan barcha noqonuniy binolar, shu jumladan, egalarining arizalari asosida va tegishli to‘lovni amalga oshirish orqali amnistiya qilinishi mumkin qilib qo‘yilgan. Amnistiya paytida jami 10 mln ga yaqin arizalar kelib tushgan bo‘lib, ularning 1,8 mln ga yaqini ma’qullangan (xususan, yaqinda sodir bo‘lgan zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan viloyatlarda 294 mingdan sal ko‘proq bino amnistiya qilingan).

O‘shanda davlat g‘aznasiga 25,5 mlrd turk lirasidan ko‘proq mablag‘ tushgan (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 1,3 mlrd dollar), biroq ko‘plab ekspertlar buning halokatli yakun topishi mumkinligi haqida allaqachon jar sola boshlashgan edi: masalan, 2019 yilda Qurilish muhandislari milliy palatasi raisi Jemal Gekche amnistiya uchun mas’ul amaldorlarni ularning qarorlari tufayli Turkiya shaharlari «[zilzila sodir bo‘lgan taqdirda] qabristonga aylanishi mumkinligi» haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ogohlantirgan edi.

«Erzindagi mo‘’jiza» — qat’iy shaharsozlik siyosati natijasidir: shaharda noqonuniy va ko‘p qavatli binolar qurilmagan

Jemal Gekchening dahshatli bashorati 6 fevral kuni haqiqatga aylandi. Ba’zi turk shaharlari deyarli yo‘q qilindi, lekin hammasi emas. Zilziladan keyingi dastlabki kunlarda Turkiyadagi haqiqiy qahramon Erzin shahri hokimi Okkesh Elmasog‘lu bo‘lib, u o‘zining Facebook sahifasida tabiiy ofat paytida aholi punktida hech kim halok bo‘lmaganligi haqida tezda e’lon qildi. Qolaversa, 41 mingga yaqin aholiga ega Erzinda birorta ham bino vayron bo‘lmagan va bir nechagina uy qisman zarar ko‘rgan.

Vaziyatni yanada yaxshiroq tushunish uchun Erzindan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan, aholi soni bir xil bo‘lgan Nurdag‘i shahri bilan solishtirib ko‘rish mumkin. Zilzila u yerdagi uy-joylarni butunlay yo‘q qildi. «Biz katta qayg‘udamiz. Biz butun uy-joylarni 100% buzamiz. Uylardan birining vayronalari ostidan 150 nafar jasadni olib chiqdik. Biz hammasini qaytadan tiklaymiz», — dedi Shirnak viloyati gubernatori Usmon Bilgin.

Shahar hokimi Elmasog‘lu tabiiy ofat oqibatlaridagi bunday farqni mo‘’jiza deb hisoblamaydi. U vayronagarchilik va qurbonlar yo‘qligini u hokim bo‘lgan vaqtlarida shaharda noqonuniy bino barpo etilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymagani va quruvchilardan barcha zarur me’yorlarga rioya qilishni talab qilgani bilan oqilona izohladi. «Men hatto qarindoshlarimning uylariga muhr bosdim. Chunki biz qonun-qoidaga amal qiluvchi jamiyatga aylanmagunimizcha, shunday azob-uqubatlarga duch kelaveramiz. Bunga nafaqat mahalliy hukumatlar, balki fuqarolar ham mas’uldir», — dedi Elmasog‘lu zilziladan bir hafta o‘tib bergan intervyusida.

Siyosatchi jurnalistlarga bergan izohlarida o‘zini qahramon deb hisoblamasligini ta’kidladi. Uning shaxsiga haddan tashqari e’tibor jamiyatni zilzila oqibatlarini bartaraf etishdan chalg‘itishiga ishonib, u yaqinda intervyu berishdan butunlay voz kechishga qaror qildi. «Ishoning, hozir bu mavzu atrofida juda ko‘p bahslar paydo bo‘lmoqda, buni butunlay boshqa tomonga burib yuborishdi», — deya javob bergan Elmasog‘lu Meduza so‘roviga.

Erzin ma’muriyatining saytida hozirgi hokimning juda oddiy tarjimai holi keltirilgan. Unda uning 1979 yilda tug‘ilgani, ma’lumoti bo‘yicha huquqshunos ekanligi, uzoq yillar davomida advokatlik sohasida ishlagani ko‘rsatilgan. Elmasog‘lu uylangan, ikki nafar qiz farzandi bor.

2019 yil mart oyida Elmasog‘lu munitsipal saylovlarda muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi nomidan ishtirok etdi va 60,4% ovoz bilan shahar hokimi etib saylandi. Bungacha u o‘zidan oldingi hokim Qosim Shimshek davrida (2009−2019 yillarda) bo‘lganida uzoq yillar Erzin shahar kengashini boshqargan.

Shimshek, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasiga tegishli bo‘lishiga qaramay, o‘z so‘zlari bilan aytganda, noqonuniy binolar va qurilish me’yorlariga rioya qilmaslik holatlariga juda jiddiy qaragan. «Bugun yaralarni davolaydigan kun, barchamiz chuqur qayg‘udamiz. Ammo yuragimdagi dardni yenggan holda aytishim mumkinki, biz munitsipalitet sifatida hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymadik. Shu ma’noda mening vijdonim toza. Men 50 yil avval qurilgan binolarga ega bo‘lgan shaharni o‘n yil davomida boshqardim», — dedi Erzinning sobiq hokimi 12 fevral kuni bergan intervyusida.

Shahar aholisining aytishicha, Erzinning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ko‘p qavatli binolarning yo‘qligi: eng katta binolar olti-sakkiz qavatdan oshmaydi, turar-joy binolarining balandligi esa to‘rt qavatdan oshmaydi.

Erzin Turkiyada zilziladan qurbonlarsiz omon qolgan birinchi shahar emas edi. 1999 yilda xuddi shunday murosasiz hokim Tavshanjilu shahrining omon qolishiga yordam berdi.

Tabiiy ofat oqibatlari, yo‘qotishlar hali to‘liq hisoblanmagan bir davrda, Turkiyada 1999 yil 17 avgustda Istanbuldan 100 kilometr uzoqlikdagi Izmit shahri yaqinida sodir bo‘lgan xuddi shunday 7,6 magnitudali zilzilani eslashmoqda. O‘shanda 20 mingga yaqin odam halok bo‘lgan.

Ushbu hodisa bugungi kundagisi bilan solishtirilmoqda, chunki o‘sha paytda ham birorta binosiga ham zarar yetmagan va birorta ham odam jabrlanmagan bitta shahar bo‘lgan. Zilzila epitsentriga qarama-qarshi Izmit qo‘ltig‘i sohilida joylashgan 4,5 ming aholiga ega Tavshanjilu shahri ham shahar hokimi Solih Gyunning uylar va boshqa binolarning noqonuniy qurilishiga qarshi qattiq kurashgani tufayli omon qolgan.

«Mintaqamizdagi seysmik xavfni inobatga olib, olimlar bilan maslahatlashdik. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hududdagi binolarning ruxsat etilgan maksimal balandligi uch qavatdir. Biz ushbu tavsiyaga qat’iy rioya qildik», — deb eslaydi Turkiyada katta shuhrat qozongan hokim.

Gyunning aytishicha, hokim bo‘lgan davrda ko‘plab nufuzli shaxslar unga ko‘p qavatli uylar qurish uchun litsenziya berish uchun katta miqdorda pora taklif qilgan. «Agar rozi bo‘lganimda, villada yashashim va bir nechta shaxsiy yaxtaga ega bo‘lishim mumkin edi. Ammo o‘shanda shahrimizda yuzlab qurbonlar bo‘lardi», — dedi u va o‘z siyosatining asosi «inson taqdiri hammasidan muhim» formulasi ekanini ta’kidladi.