«O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Umurzoqov Asaka shahridagi zavodda Chevrolet Onix avtomobilining taqdimoti davomida UzAuto Motors tomonidan xarid qilingan mashinalarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammoga to‘xtalib o‘tdi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, u qo‘shimcha pul to‘lab, avtomobilni navbatsiz olish imkoni yaratilishi, ya’ni xalq orasidagi «shapka»ni qonuniylashtirish mumkinligi borasidagi savolga javob qaytargan.

«Men bu taklifga qarshiman, noto‘g‘ri narsa. Bekorga ishlab chiqarishda 500 ming bilan chegaralanmaymiz demadim. Avtomashinalar navbati butun dunyoda bor. Men bu bilan uni to‘g‘ri ham demoqchimasman. Lekin bu narsa [avtomobil yetkazib berish muddatini kamaytirish]ni faqat mashina ko‘p ishlab chiqarish bilan yengamiz. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mashinani tezroq olish uchun ko‘proq pul to‘lang, desak, noto‘g‘ri bo‘ladi», — dedi «O‘zavtosanoat» rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya oldida juda ko‘p tashqi va ichki muammolar turibdi. Umurzoqov bunga misol sifatida 2018 yilda bir konteyner narxi 5 ming dollar bo‘lgani, hozir 15 ming dollargacha oshganini keltirdi.

«Mashinamizni qimmatlashyapti deymiz, lekin dollarga chaqsak, shu kungacha arzonlashdi. Shuncha soliq to‘layapmiz, loyihalarning bir so‘mini ham davlatdan olmayapmiz, o‘zimizning daromadimiz yoki rivojlanishimizni ko‘rib, pullarni tashqi moliyaviy institutlar beryapti», — dedi Shavkat Umurzoqov.

«Andijonning o‘zida bu yil 250−300 mln dollarlik to‘rtta yangi zavod quradigan bo‘ldik. Bu nima beradi? Tasavvur qiling, 2016 yil 80 ming mashina chiqqan, 2017 yil 120 ming chiqqan. Bugun 330 ming chiqaryapmiz. Bu yil 400 mingdan oshiq chiqaramiz. Navbat yo‘q bo‘ladi, ishoning, faqat ozgina sabr [qiling]», — dedi «O‘zavtosanoat» raisi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning fevral oyida mashinasozlik sanoati bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida avtomobillar uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizga pasaytirish va 1 mayga qadar avtomobil sotib olishdagi navbatlarni to‘liq bartaraf etishga ko‘rsatma bergandi.

Shuningdek, navbatda turgan xaridorlarga avtomobili yetkazib beriladigan aniq sana ko‘rsatilgan xabarnoma yo‘llanishi aytilgandi. O‘shanda ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligi qayd etilgandi.

Biroq bu bilan mazkur muammo hal bo‘lib qolmadi. Aksincha navbatlar muddati 2 oydan yarim yilgacha uzayib ketdi. 2022 yilning fevralida «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov Uzauto Motors avtomobillarini xarid qilishdagi navbatlar buzilishi dilerlar bergan hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda sodir bo‘layotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mashina olishdagi navbatlarni aylanib o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida savdo ma’lumotlar bazasini YHXBB ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashni rejalashtirmoqda.

4 mart sanasidan esa UzAuto Motors yangi avtomobillariga shartnoma tuzish boshlangan ilk kundayoq, sotilgan mashinalarning 52 foizi qayta sotish ehtimoli bilan xarid qilinganini xabar qildi. Xususan, bir shaxs tomonidan 35 ta avtoulovga shartnoma tuzilgani aniqlangan. Kompaniya qayta sotuvchilar uchun yetkazib berish muddatini yana 120 kunga oshirishini eslatib o‘tdi.

2022 yilning oktabr oyida UzAuto Motors 2023 yildayoq 500 mingta avtomobil ishlab chiqarish, istiqbolda esa bu ko‘rsatkichni 1 milliontaga yetkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

2023 yilning 15 fevral kunidan e’tiboran UzAuto Motors Chevrolet Onix avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni boshladi. Biroq, avtomobil «Uzavto Motors» vakili 2021 yilda aytganidek, 9−12 ming dollar emas, balki 13−16 ming dollar atrofida sotilmoqda. Shuningdek, Chevrolet Onix Premium ham taqdim etildi. Unda klimat kontrol, lyuk, orqa o‘rindiq isitish tizimi kabi qulayliklar bo‘ladi.