Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Shermuhammad Abbos Stanekzay «Tolibon» barcha fuqarolarga, xususan, ayollar va qizlarga ish va ta’lim olish imkoniyatini berishini bildirdi, deb xabar bermoqda Afg‘oniston axborot agentligi TOLO news.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari mamlakatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yuqori baholadi.

«Islom Amirligi hukumati mamlakatdagi barcha afg‘on opa-singillar va birodarlar uchun islom formati, afg‘on an’analari va shariat asosida ishlash va hattoki ta’lim olishlari uchun imkoniyatlar yaratmoqchi. Bu yo‘nalishda ish olib borilmoqda va biz bu yaqin kelajakda amalga oshishiga umid qilamiz», — dedi u.

Iqtisodiyot vazirligining ma’lum qilishicha, ijtimoiy-iqtisodiy sohada kamida 260 ta tashkilot faoliyat yuritmoqda.

«Islom Amirligi tashkilotlar faoliyati uchun turli imkoniyatlar yaratib bergan va bu borada ular bizning e’tiborimiz markazida bo‘lib turibdi», — dedi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Abdullatif Nazariy.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil avgust oyida «Tolibon» harakati hokimiyatga kelganidan so‘ng ayollarga o‘rta ta’lim olishni butunlay taqiqlagandi. 2022 yil mart oyida 1-sinfdan 12-sinfgacha bo‘lgan barcha o‘quvchilar maktabga borishi kutilgan. Biroq o‘quv yilining birinchi kunida 6-sinfdan yuqori sinfda o‘qiydiganlarga maktablarga kirish taqiqlangan yoki ularga dars boshlanganidan bir necha soat o‘tgach, muassasani tark etish buyurilgan.

2022 yil dekabr oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Oliy ta’lim vazirligi ham talaba qizlarning oliy o‘quv yurtlariga borishini taqiqlash bo‘yicha buyruq bergan. Bir necha kundan keyin harakat ham barcha mahalliy va xorijiy nohukumat tashkilotlarga (NNT) ayollarni ishlatmaslikni buyurgan. Ko‘pgina tashkilotlar bunga javoban mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatgan yoki qisqartirgan.