Toshkent shahrining Chilonzor va Sergeli tumanlari hamda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarning muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qilindi.

Xususan, departamentning Yangihayot tumani bo‘limi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbirda fuqaro M.A. va boshqalar Chilonzor tumani «Besh chinor» MFY huzurida jami 826 dona «Regapen» nomli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro A.A.ga 28,9 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Departament va DXXning Xo‘jaobod tumani bo‘limlari tomonidan IIB xodimlari hamkorlikda ham tezkor tadbirda o‘tkazdi. Unda fuqaro J.K. «Yangi- Farg‘ona» MFY hududidagi «Do‘stlik» nazorat postida 560 dona «Regapen» dori vositasini o‘tkazish maqsadida olib kelayotganligi aniqlanib, dalil sifatida olingan.

Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro I.I. Sergeli tumani, Yangi Qo‘yliq ko‘chasida jami 182 dona «Regapen» dori vositasini fuqaro X.S.ga 100 AQSh dollari va 2,9 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning avtomobili va yashash xonadonida 364 dona «Regapen» nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251−1- moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.