Toshkentda yiliga 700 ming tonna chiqindi hosil bo‘lishi bilan, bugungi kunda bor-yo‘g‘i 18 foizi qayta ishlanmoqda. Bu haqda chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildindi.

Bundan tashqari, chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham mutlaqo qoniqarsizligi ta’kidlandi.

«Maxsustrans» faoliyatini isloh qilish, uning moliyaviy ahvolini yaxshilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga shahar chiqindisini qayta ishlashni kamida 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Yig‘ilish yakunida shahar rahbariyati va tumanlar hokimlarining hisoboti tinglandi.

Prezident 2020 yil dekabr oyida Toshkentda chiqindilarni alohida yig‘ish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. 2021 yildan boshlab 24 ta mahallada alohida yig‘im boshlanishi, 2023 yildan esa butun poytaxt bo‘ylab qo‘llanilishi rejalashtirilgan edi.

Bunga qadar ham poytaxtda chiqindilarni alohida yig‘ish yo‘lini yo‘lga qo‘yishga urinishlar bo‘lgan, biroq rejalar bajarilmagan.

Prezident bir yil muqaddam o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatda maishiy chiqindilarni yig‘ish xizmatlari qamrovini 95 foizga, ularni qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Mamlakatdagi 197 ta chiqindi poligonining birortasi ham sanitariya-ekologik talablarga javob bermaydi, 24 ta chiqindixona to‘lgan, deyilgandi o‘shanda.